Oqsoqol
Oqsoqol — Markaziy Osiyo xalqlari, jumladan, o’zbeklar o’rtasida obro’-e’tiborli, uvali-juvali va tadbirkor kishilarga nisbatan hurmat yuzasidan ishlatiladigan atama. Oqsoqollar qadimda urug’-jamoa boshlig’i va keyingi davrlarda nufuzli a’yonlar toifasiga kiritilgan. Masalan, Xiva xonligida Oqsoqollar elchilarni qabul qilish va boshqa ko’pgina tadbirlarda faol ishtirok etishgan. Qishloq jamoasini ham saylab qo’yiladigan Oqsoqollar boshqarishgan. Yirik shaharlar, dahalar va mahalla (guzarlar) boshliqlari ham Oqsoqollar hisoblangan. Shuningdek, qishloq hunarmandchilik ustaxonalariga ham Oqsoqollar rahbarlik qilgan. Yirik suv tarmoklarida sug’orish-taqsimlanishini ariq-oqsoqol nazorat qilgan. Oqsoqollar turli soliqlar to’plashga, qishloq xo’jalik yumushlarini bajarishga, qasharlarni uyushtirishga va to’y-marakalarni tashkil etishga rahbarlik qilganlar. Ba’zan zarurat tug’ilganda Oqsoqollardan oilaviy-maishiy masalalarni hal etishda ham maslahatlar so’ralgan. Hozir — qishloq fuqarolar yig’inlari va shaharlar mahalla qo’mitalari raislari. Respublika, viloyat, tuman va shaharlarda Oqsoqollar kengashlari faoliyat yuritmoqda.