Oqto’ba viloyati

Oqto’ba viloyati (1992 yilgacha Aktyubinsk viloyati) — Qozog’iston Respublikasidagi viloyat. 1932 yil 10 martda tashkil etilgan. Respublikaning g’arbiy qismida. Maydoni 300,6 ming km2. Aholisi 718,9 ming kishi (1999), asosan, qozoqlar, shuningdek, rus, ukrain, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi 54%. Oqto’ba viloyatida 13 ma’muriy tuman, 7 shahar, 4 shaharcha bor. Ma’muriy markazi — Oqto’ba shahri. Oqto’ba viloyati g’arbda Kaspiybo’yi pasttekisligi, Janubda Ustyurt platosi, Janubi-Sharqda Turon pasttekisligi va shimolda Ural tog’larining Janub tarmoqlari oralig’ida. Viloyatning katta qismi tekislik (balandligi 100-200 metr); o’rta qismida Mug’ojar tog’lari (eng baland joyi 657 metr), g’arbiy qismida Ural yoni platosi, Janubi-Sharqda Orolbo’yi Qoraqumi, katta va kichik Bo’rsiq qumlari, shimoli-Sharqda To’rg’ay platosi bor. Iklimi keskin kontinental, yozi issiq va quruq, qishi esa sovuq. Yozda tez-tez garmsel va to’zon, qishda esa qor bo’ronlari bo’lib turadi. Oqto’ba viloyati shimoli-g’arbida iyulning o’rtacha temperaturasi 22,5°, Janubi-sharqida 25°, yanvarda shimoli-g’arbida -16° va Janubi-sharqida -15,5°. Yiliga shimoli-g’arbida 300 mm ga yaqin, markazi va Janubda 125-200 mm yog’in yog’adi. Vegetatsiya davri shimoli-g’arbida 175 kun, Janubi- sharqida 190 kungacha. Daryolari Kaspiy dengizi va kichikroq ko’llarga quyiladi. Yirik daryolari — Emba, Uralning irmoklaridan — o’r, Ilek, shuningdek, Irg’iz, Uil, To’rg’ay va Sag’iz. Aksari daryolari kam-suv, yozda qurib qoladi. 150 ga yaqin, asosan, sho’r ko’llar bor. Viloyatning shimoli-g’arbida qoratuproq va kashtan tuproqlar, o’rta va shimoli-sharqida och kashtan va bo’z tuproqlar tarqalgan. Janubda sho’rxoklar ham uchraydi. Viloyatning shimoli-g’arbida xilma-xil dasht o’simliklari, Janubda esa chala cho’l va cho’l o’simliklari o’sadi. Yumronqoziq, qo’shoyoq, sichqon kabi kemiruvchilar ko’p. Yirtqich hayvonlardan bo’ri, qarsak tulki bor, jayran va sayg’oq saqlanib qolgan. Oqto’ba viloyatida yirik sanoat (asosan, konchilik, kimyo, mashinasozlik va qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlovchi) va qishloq xo’jalik (lalmikor dehqonchilik hamda yaylov qo’ychiligi) rivojlangan. Viloyat energetikasi asosan Qarag’anda ko’miriga asoslangan. Xromit, mis, nikel-kobalt rudalari, titan, oltin, shuningdek, fosforit (Oqto’ba fosforit havzasi), neft va tabiiy gaz boyliklari ko’p. Konchilik, kimyo, ferroqotishma va boshqa sanoat tarmoqlari rivojlangan. Konchilik sanoati korxonalari Mug’ojar tog’laridadir, viloyatning Markaziy va Janub qismida neft va gaz qazib olinadi. Oqto’ba shahrida ferroqotishma, xrom birikmalar, rentgen apparaturasi, qishloq xo’jalik mashinasozligi, mexanika, avtomobil ta’mirlash zavodlari va yengil hamda oziq-ovqat sanoati korxonalari, kimyo kombinati bor. Yerning ko’p qismi yaylov va o’tloqlar. 1956-58 yillarda 1,6 million gektardan ortiq qo’riq va bo’z yerlar o’zlashtirilib, g’allachilik xo’jaliklari barpo etildi. G’alla, texnika ekinlari (asosan, kungaboqar), kartoshka, sabzavot va poliz, ozuqa ekinlari ekiladi. Qoramol, qo’y, echki, yilqi, tuya boqiladi. Viloyatning shimoli-g’arbida lalmikor g’allachilik (bahorgi bug’doy, arpa, tariq), go’sht-sut chorvachiligi, cho’chqachilik va parrandachilik rivojlangan. Viloyatning qurg’oqchil hududida yaylov chorvachiligi (go’sht-yog’ va go’sht-jun) va dehqonchilik bilan shug’ullaniladi. Shalqar ko’lida baliq ovlanadi. Temir yo’l uzunligi 1140 kilometr. Asosiy temir yo’llari: Orenburg—Oqto’ba— Toshkent va Aterov — Qandag’ach — Orsk. Havo yo’llari orolini Moskva, Olmaota va viloyatning boshqa tumanlari bilan bog’lab turadi. Oqto’ba viloyatidan Aterov — Orsk neft quvuri o’tadi. Oqto’ba viloyatida pedagogika va tibbiyot institutlari, kutubxonalar bor.