Oregon

Oregon — AQShning shimoliy-g’arbiy qismidagi shtat. Tinch okean sohilida. Maydoni 251,4 ming km2. Aholisi 3,5 mln. kishi (2002), 70% shaharlarda yashaydi. Ma’muriy markazi — Seylem shahri, iqtisodiy markazi va porti — Portlend shahri. Oregon hududiga yevropaliklar 19-asr boshidan borib o’rnashganlar. 1859 yilda Oregon shtat maqomini olgan. Oregonning g’arbiy qismi tog’lik (eng baland joyi 3427 metr), ichki qismi plato. Iqlimi sohil qismida mo’tadil nam (yog’in 2000 mm), plato qismida quruq kontinental. Tog’ yon bag’irlari igna bargli o’rmon bilan qoplangan. Oregon — o’rmon zaxirasi va yog’och tayyorlash bo’yicha AQShda yetakchi o’rinda. Kolumbiya daryosi va uning irmoklari gidroenergiya zaxirasiga boy. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: o’rmon xo’jaligi va yog’ochsozlik. Oziq-ovqat sanoati baliq, meva va sutni qayta ishlashga ixtisoslashgan. Yirik GESlar, alyuminiy va nikel eritish zavodlari, metallsozlik va mashinasozlik korxonalari bor. Sohil qismi va daryo vodiylarida dehqonchilik va sut chorvachiligi rivojlangan. Ichki hududlarda yaylov chorvachiligi va sug’orma deqqonchilik bilan shug’ullaniladi. Asosiy tovar ekinlari: bug’doy, arpa, kartoshka, yem-xashak o’tlari.