Orfoepiya
Orfoepiya (orto… Yunoncha epos — nutq, talaffuz) -1) tilshunoslikning adabiy talaffuz me’yorlarini o’rganuvchi bo’limi; 2) muayyan milliy tilning talaffuz me’yorlariga mos holda bir xil talaffuzni ta’minlovchi qoidalar tizimi va ularga rioya qilish. Og’zaki nutq talaffuzining bir xilligi, imlo (orfografiya) kabi lisoniy muomalani yengillashtiradi. «Orfoepiya» tushunchasi keng va tor ma’noda 2 xil tushuniladi: keng ma’noda — unga fonemalarni qo’llash qoida va fonema allofonlari (variantlari)ni talaffuz qilish qoidalari kiritiladi; tor ma’noda — fatsat fonemalarni qo’llash qoidalari kiritiladi. Orfoepiya ko’lamining bir xil belgilanmasligining sababi shundaki, ba’zi olimlar talaffuz me’yorlari tushunchasiga faqat tovushlarni talaffuz qilishni, boshqalari esa urg’uni ham, ba’zan variantdor grammatik shakllar hosil bo’lishini ham kiritadilar. Tilning ichki kategoriyasi tarzidagi orfoepik me’yor bilan qoidalashtirilgan me’yor o’zaro farklanadi. Ulardan birinchisi ayni bir voqea-hodisani ifodalashning tilda namoyon bo’ladigan yashirin imkoniyatlari mavjudligi bilan bog’liq; bunda me’yor — muayyan tilning aniq bir so’zlovchilar jamoasida tegishli davr orasida mavjud bo’lishi bilan bog’liq bir qancha ijtimoiy omillarning amal qilishi natijasidir. Ikkinchisi esa amalda mavjud bo’lgan me’yorning turli lug’atlar, ma’lumotnomalar va qo’llanmalarda qoida va ko’rsatmalar tarzida shakllantirilgan aksidir. Qoidalashtirishda qo’llash uchun to’fi deb belgilanadigan faktlar tanlab olinadi. Qoidalashtirilgan me’yor ko’pincha amalda mavjud bo’lgan me’yordan orqada qoladi. Orfoepiya milliy tilning shakllanishi bilan bir paytda, og’zaki nuqtning ta’sir doirasi kengaygan, ommaga qaratilgan nutqning yangicha shakllari rivojlangan paytda paydo bo’ladi. Orfoepik me’yorlarning shakllanish jarayoni turli milliy tillarda turlicha kechadi. Masalan, hozirgi o’zbek adabiy talaffuzi me’yorlarining dastlabki ildizlari o’tgan asrning 20— 30-yillarida vujudga kelgan, bu sohada bir qancha tadqiqotlar o’tkazilib, orfoepik lug’atlar nashr etilgan bo’lsada, o’zbek talaffuz me’yorlari to’liq shakllangan deb bo’lmaydi. Orfoepik me’yor muammosi bir til birligining bir emas, ikki yoki undan ortiq ifodasi bo’lgan hollarda yuzaga keladi. Me’yorda ayni paytda til tizimida mavjud bo’lgan yoki mavjud bo’lishi ko’zda tutilgan narsa saralanadi. Tizim doirasida yangi shakllarning paydo bo’lishi hamda eskilarini ekstralingvistik omillar ta’sirida asta-sekin siqib chiqarishi natijasida me’yor o’zgarishi mumkin. Me’yorning o’zgarishi (almashinishi) har bir tarixiy davr tilida variantdor me’yorlarning ayni bir paytda mavjud bo’lishi mumkinligini inkor etmaydi. Vaqt o’tishi bilan variantlardan biri yetakchiga aylanib, qolganlari kamroq qo’llanib, iste’moldan chiqib ketadi. Variantlardan birining yetakchi deb tanlanishiga uning til taraqqiyotidagi ob’yektiv qonunlarga muvofiq kelishi, keng tarqalganligi, mo»tabar andozalarga (jamiyatning bilimli va madaniyatli vakillari talaffuziga) mosligi kabi omillar ta’sir ko’rsatadi. Orfoepiya rivojida namunali adabiy talaffuzni targ’ib qiluvchi teatr, keyinchalik radio va televidenie katta rol o’ynagan. Sahna nutqi ko’pchilik tillarda orfoepik me’yorlarning asosi hisoblanadi. Nutqning xarakteriga ko’ra, adabiy talaffuzni 2 guruhga ajratish mumkin: to’liq talaffuz; qisqargan talaffuz; ma’ruzachilar, akterlar, diktorlar nutqi to’liq talaffuzni aks ettiradi, chunki bunda har bir so’z, uning morfemalari adabiy til qoidasiga mos ravishda to’la, aniq, donadona talaffuz qilinadi. So’zlovchi o’z nutqiga beparvo qarashi orqasida, o’z shevasi ta’sirida ayrim fonemalar turli o’zgarishlarga duch keladi, so’zning ba’zi birliklari qisqaradi. Masalan, olib keldi — obkeldi; olib bordi — obbordi. Bu qisqartgan talaffuzdir. O’zbek adabiy tilining asosiy orfoepik qoidalari unli va undosh fonemalarning talaffuzi, morfologik birliklarning aytilishi, so’z birikmalarining talaffuz qilinishi kabilarni o’z ichiga oladi. Shunga ko’ra umumiy orfoepik me’yorlar belgilanadi. Orfoepik me’yorlar, odatda transkripsion belgilar vositasi bilan ifodalanadi. Orfoepiya orfografiya bilan zich bog’langan. Biroq so’zning yoki so’z shakllarining jonli talaffuzi hamma vaqt ham ularning yozuvdagi ifodasiga teng bo’lavermaydi. Jumladan, yozuvda bor ba’zi tovushlar talaffuzda sezilmaydi: biroq, bilan, tuhmachchi, adabiyochchi kabi; yozuvda berilgan tovushlar talaffuzda tushib qoladi: badbax, ayolman, abstrak, Samarqan kabi; yozuvda ifodalangan tovush talaffuzda boshqasi bilan almashtiriladi: obod-obot, kitob-kitop, peshvoz-peshvos kabi. Talaffuzdagi ana shu murakkab tomonlarni hisobga olgan holda yagona orfoepik qoidalar yaratish lozim bo’ladi. Abduvahob Madvaliyev, Bozorboy O’rinboyev.