Organizmni chiniqtirish

Organizmni chiniqtirish -organizmning noqulay iqlim sharoitlari (havoning past va yuqori harorati, past atmosfera bosimi va boshqalar) ta’siriga chidamini oshirish tadbirlari. Organizmni chiniqtirishni bolalikdan boshlash muhim. Odam organizmi o’zgarib turadigan tashki muhit sharoitlariga muvofiqlashgan holda chiniqib boradi. Biror omil (sovuq, issiq va boshqalar)ning muntazam, ko’p marta ta’sir etishi va ular dozasini tobora oshira borish yo’li bilan chiniqtiruvchi effektga erishiladi, chunki shunday sharoitlardagina organizmda moslashadigan uzgarishlar rivojlanadi: neyrogumoral va moddalar almashinuvi jarayoni takomillashadi, atrof muhitdagi noxush omillar ta’siriga organizmning umumiy qarshiligi oshadi. Organizmni chiniqtirishga organizmning muayyan fizik omillar ta’siriga sezuvchanligini asta-sekin pasaytirish orqali erishiladi. Chunonchi, ma’lum darajadagi sovuq bilan muntazam ta’sir ko’rsatish, asosan, past harorat ta’siriga, issiq bilan ta’sir ko’rsatish esa yuqori harorat ta’siriga chidamlikni oshiradi. Organizmning sovuqqa chidami oshirilgan bo’lsada, issiqqa yoki past atmosfera bosimi va boshqalarga chidash bera olmaydi. Chiniqtiruvchi muolajalar to’xtatilgandan sung chiniqish kuchi pasayadi va, odatda, 1 — 1,5 oydan keyin biror xil fizik omilga chidamlilik yo’qoladi. Organizmni sovuqqa chidamli qilishning amalda ahamiyati muhim, chunki sovqotish juda ko’p hollarda o’tkir respirator kasalliklarga sabab bo’ladi. Sovqotish darajasini asta-sekin oshira borish yo’li bilan organizmni sovuqqa chidamli qilinadi. Sovuqqa o’rgangan kishilar organizmida issiqlik hosil bo’lishi birmuncha jadal boradi, bu — terining qon bilan yaxshiroq ta’minlanishiga imkon beradi va yuqumli kasalliklarga hamda sovuq urishiga chidamini oshiradi. Teri muguz qavatining bir oz qalin tortishi hisobiga ham sovuq sezish pasayadi, natijada terining issiqlikni izolyasiya qilish xossasi kuchayadi. Sovuqqa o’rganmagan kishilarda gavdaning hatto ozgina qismining sovqotishi va umumiy sovqotish burun shilliq pardasi tomirlarining kengayishiga, uning yallig’lanib, sekretor suyuqlikning ko’p ajralishiga, ya’ni yuqori nafas yo’llarining o’tkir respirator kasalliklariga olib keladi. Sovuqqa chiniqqan kishilarda yuqori nafas yo’llari shilliq pardasida bunday reaktsiya kuzatilmaydi. Oftob, havo va suvdan oqilona foydalanish yo’li bilan ham organizmni sovuqqa chiniqtirish mumkin. Ho’l sochiq bilan artinish, boshdan suv quyish, dush qabul qilish, cho’milish eng qulay va ta’sirchan suv muolajalaridan hisoblanadi. Ularni dastlab uy temperaturasidagi suvdan boshlash, so’ngra temperaturani asta-sekin pasaytirib, muolaja muddatini oshira borish lozim. Atrof muhit issiq bo’lganda bunday haroratga odatlanmagan odam organizmi issiqlab ketishi mumkin. Ko’p marta va uzoq muddat issiq ta’sir etishi natijasida organizmning yuqori temperatura ta’siriga chidami oshadi, g’araq-g’araq terlash va ter tarkibining o’zgarishi hisobiga organizm ko’p issiqlik ajrata boshlaydi. Yuqori temperaturaga chidamli kishilarda issiqlik ajralishining yaxshilanishi tufayli issiq iqlim sharoitida ishlaganda tomir o’rtacha tezlikda urib, mehnat qobiliyati pasayib ketmaydi. Organizmni past atmosfera bosimiga chiniqtirish maqsadida aksari tog’larga chiqiladi. Organizmni chiniqtirish rejimini kishining yoshi, individual xususiyatlari va sog’lig’iga qarab vrach belgilaydi. Kasallik belgilari paydo bo’lgan taqdirda Organizmni chiniqtirish vaqtincha to’xtatilib, kishi sog’aygandan so’ng yana davom ettiriladi. Keksa yoshdagi kishilarni chiniqtirishni ehtiyotlik bilan bevosita vrach nazoratida o’tkazish lozim. Bu yoshda Organizmni chiniqtirishda jismoniy ta’sirlarga moslashuvning yomonlashishini va muolajalardan keyin fiziologik funktsiyalarning birmuncha sekin tiklanishini hisobga olish lozim. Bu yoshdagi kishilar uchun havo bilan Organizmni chiniqtirishning har xil turlari — xonalarda, ravonlarda, dovdaraxtlar soyasida havo vannalari qabul qilish, yengil kiyimlarda asta-sekin sayr etishga o’rganish maqsadga muvofiqdir. Jismoniy mashqlardan keyin xo’l sochiq bilan artinish, boshdan suv quyish yoki dushga tushish, yozda esa suv va havo temperaturasi kamida 20— 22° bo’lganda cho’milish lozim. Bolalarni chiniqtirish yosh avlodni sog’lom qilib tarbiyalashga imkon beradigan asosiy profilaktik tadbirdir. Bolalar sof havo etishmasligiga juda sezuvchan bo’ladi. Uzoq muddatgacha yaxshi shimollatilmaydigan xonalarda bo’lgan bolalar lanj, injiq bo’ladi. Uyqusi buziladi, ishtahasi bo’lmaydi, boshi og’riydi, ko’ngli aynib turadi, kamqonlik ro’y beradi. Go’dak atrof muhitning fizik omillariga asta-sekin moslashadi, chunki uning muhofaza reaktsiyalari sust rivojlangan bo’ladi. Bolani qayotining birinchi kunlaridan boshlab ehtiyotlik bilan muntazam chiniqtira borish, lekin bunda uning a’zo va sistemalari funktsional jixatdan hali yetilmaganligini yoddan chiqarmaslik kerak. Gipotrofiya, raxit, qaytalab turadigan yoki xronik kasalliklardan kuchsizlangan bolalar organizmi chidamini oshiradigan muolajalarga ayniqsa muhtoj bo’ladi. Sof havo har qanday kasalliklarda samarali ta’sir ko’rsatadi. Nimjon va kasalmand bolalarga, asosan, sust ta’sir etadigan suv muolajalari: ho’l sochiq bilan artib turish, oyog’iga suv quyish tavsiya qilinadi. Suv temperaturasi (35-36°) asta-sekin pasaytirib boriladi va bolaning umumiy holati yaxshilanganda sog’lom bolalar uchun tavsiya etiladigan darajaga yetkaziladi.