Orifov Ubay Orifovich

Orifov Ubay Orifovich (1905.15.6, Qo’qon — 1976.24.12, Toshkent) — Fizik olim, davlat va jamoat arbobi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (1956), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan va texnika arbobi (1959). Fizika matematika fanlari doktori (1954), professor (1956). O’zbekiston pedagogika akademiyasini tugatgan (1931). Qo’qon paxtachilik institutida (1932-34), O’zDU da (1935-41) ishlagan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika instituti (1945-56, 1963-67), Yadro fizikasi instituti direktori (1956- 62, 1967-69), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi prezidenti (1962— 66), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi elektronika instituti direktori (1966-76). Orifovning asosiy ilmiy ishlari fizik elektronika, yadroviy va radiasion fizika, gelioenergetika, paxta xom ashyosiga dastlabki ishlov berish masalalariga bag’ishlangan. Orifov tomonidan fanda hali noma’lum bo’lgan hodisalar: qattiq jismga atom zarralari ta’sir etganda ro’y beruvchi ko’plab murakkab jarayonlar, ikkilamchi ionlar va elektronlarning har xil guruhlarini topish va ajratish, qattiq jismlar sirtining xossalarini o’zgartirish usullari aniqlangan va shu asosda elektron texnika, mikroelektronika va mashinasozlik materiallariga ishlov berish usullari yaratilgan. U paxtachilik va paxta sanoatining taraqqiyotiga hamda xalq xo’jaligida quyosh energiyasidan foydalanish muammolariga katta e’tibor berdi. Orifov rahbarligidagi tadqiqotlar natijasida urug’lik va texnik chigitni to’la tuksizlantirish, ularni saralash va tozalash muammolari hal etildi, quyosh energiyasini elektr energiyasiga aylantirish va geliotexnik qurilmalar yaratish bo’yicha ishlar amalga oshirildi. Orifov tashabbusi bilan 1965 yildan boshlab Toshkentda «Geliotexnika» xalqaro jurnal nashr etila boshlandi. Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1968). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi elektronika institutiga va Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi ko’chalardan biriga uning nomi berilgan. As: Vzaimodeystvie atomnix chastis s poverxnostyu metalla, T., 1961; Vzaimodeystvie atomnix chastis s poverxnostyu tverdogo tela, M, 1968.