O’SIMLIKLARNI HIMOYA QILISH

O’SIMLIKLARNI HIMOYA QILISH, o’simliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish — 1) qishloq xo’jalik fanlarining bir sohasi; o’simliklarga zararkunanda, kasalliklar, begona o’tlar yetkazadigan zararni o’rganadi va uning oldini olish hamda bartaraf qilish tadbirlarini ishlab chiqadi; 2) qishloq xo’jalik va o’rmon xo’jaligida zararkunandalar, o’simliklar kasalliklari hamda begona o’tlarni yo’q qilish uchun ishlab chiqiladigan tadbirlar tizimi. Uning vazifasi faqatgina zararkunanda organizmlarni yo’q qilish yoki ular faoliyatini chegaralab qo’yishdangina emas, balki ularning paydo bo’lish muddatlari va tarqalish ko’lamini oldindan aniqlash, shuningdek, eng xavfli zararkunandalarning bir hududdan boshqasiga tarqalishining oldini olishdan ham iborat. O’simliklarni himoya qilish qishloq xo’jaligi entomologiyasi, fitopatologiya, botanika, mikologiya, bakteriologiya, virusologiya, ekologiya, biosenologiya, kimyo, biokimyo, hayvonlar va o’simliklar fiziologiyasi, fizika, biofizika, genetika, selektsiya, toksikologiya va boshqalar fanlar ma’lumotlariga asoslanadi. O’simliklarning zararkunanda va kasalliklari, begona o’tlar ekinlarga, xususan, hosilga katta zarar yetkazadi. Shu sababli qishloq xo’jalik mahsulotlarini yetishtirishda, ularni saqlab qolishda O’simliklarni himoya qilish muhim rol o’ynaydi. Zararkunanda va kasalliklarning o’simliklarga yetkazadigan zarari qadimdan ma’lum. 18-asr boshlarida o’simlik kasalliklarini tasniflashga frantsuz botaniki J.Turnefor urinib ko’rdi. 18-asrning 2-yarmida ko’pchilik kasalliklarning yuqumliligi tajribalar asosida isbotlandi (Rossiyada A.T.Bolotov, Frantsiyada A.Tillet, Italiyada F.Fontana, Daniyada Ya.Fabrisius va boshqalar). 18-asrning 2-yarmida nemis olimi A. de bari, rus olimi M.S.Voronin va boshqalar tomonidan fitopatogen zamburug’larning yangi turlari, ularning morfologiyasi, rivojlanish xususiyatlari aniqlanadi. 19-asrning 2-yarmida o’simlik zararkunandalari hamda kasalliklarining bir qancha mamlakatlar iqtisodiyotiga yetkazgan zarari ularni o’rganish va ularga qarshi qurash tadbirlarini ishlab chiqishni taqozo etdi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida fitopatogen zamburug’lar, bakteriyalar, viruslar, nematodalarning minglab turlari kashf qilindi. Asosiy zararkunandalarning turlari biologiyasi va fiziologiyasi o’rganildi; zararli organizmlarga qarshi kurash choralari takomillashtirildi. Turkistonda O’simliklarni himoya qilish bo’yicha dastlabki ilmiy asoslangan usullar 1898 yilda Chigirtkaga qarshi kurash qo’mitasining taklifiga ko’ra ishlab chiqilgan. 1911 yilda Toshkentda Turkiston entomologiya stansiyasi tashkil etildi, g’o’za, qand lavlagi zararkunandalarini o’rganish va ularga qarshi kurash choralari qo’llanildi. 1925 yilda Turkiston entomologiya stansiyasi O’zbekiston o’simliklarni himoya qilish stasiyasiga aylantirildi va shu bilan bir vaqtda Shirabudin (Buxoro viloyati) va Xiva qishloq xo’jalik tajriba stansiyalarida O’simliklarni himoya qilish bo’limlari ochildi. 1929 yilda Bosh paxta komiteti O’zbekiston O’simliklarni himoya qilish stansiyasining bir necha bo’limlarini birlashtirib, g’o’za zararkunandalarini o’rganish uchun maxsus stansiya barpo etdi; keyinchalik bu stansiya Butunittifoq paxtachilik ilmiy tekshirish instituti (soyuznixi)ning O’simliklarni himoya qilish Markaziy stansiyasiga aylantirildi. 1957 yilda Soyuznixi Markaziy stansiyasi asosida hozirgi O’zbekiston o’simliklarni himoya qilish instituti tashkil qilindi. Hosilni samarali himoya qilishga zararkunanda va kasalliklarning rivojlanishi hamda ko’payishi Prognozini tuzish, zararkunandalar miqsori hamda kasalliklar o’chog’ini o’z vaqtida aniqlash maqsadida ekin, ko’chatlarni, shuningdek, begona o’tlarni tekshiruvdan o’tkazish, turli usul va vositalar qo’llab o’simliklarga ishlov berish kabi choratadbirlar sistemasini rejali ravishda qo’llab erishiladi. Zararkunanda, kasalliklar va begona o’tlarga qarshi bir qancha kurash usullari qo’llanadi. O’simliklarni agrotexnik himoya usuli tashkiliy-xo’jalik va ekinlar parvarishining texnik usullari, shuningdek, qishloq xo’jalik mahsulotlarini saqlash yo’llari, ya’ni zararkunandalarning ko’payishi va to’planishi, kasalliklarning rivojlanishiga qarshi kurash usullari (ekish muddati va usullari, tuproqqa ishlov berish, o’g’it solish normalari, begona o’tlarga qarshi kurash, almashlab ekish, melioratsiya)ni o’z ichiga oladi. Mexanik va fizik himoya usullarita zararkunandaning qishloq xo’jalik o’simliklari ichiga kirishiga qarshilik qiluvchi usullar (zararkunandani tutib olish, kuydirish, muzlatish, suv bostirish, elektr toki ta’sirida yo’q qilish va shu kabilar) kiradi. Zararkunandalarni jalb etib, so’ngra nobud qilish uchun yorug’lik tutqichlari, shuningdek, organik birikmalar — attraktantlardan foydalaniladi. O’simliklarni kimyoviy himoya usuli turli kimyoviy dorilardan foydalanishga asoslangan; salbiy tomonlari ko’pligiga qaramay bu usul hozirda O’simliklarni himoya qilishda yetakchi usullardan biridir. O’zbekistonda 2005 yilda faqatgina o’simliklar zararkunandalari, kasalliklari va begona o’tlarga qarshi 200 ga yaqin kimyoviy vositalar qo’llanilgan. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi kimyolashtirish va o’simliklarni himoya qilish vositalari Davlat komissiyasi kimyoviy va biologik preparatlardan foydalanishga ruxsat beradi va ularni qo’llash qoidalariga qat’iy amal qilishni nazorat qiladi. O’simliklarni biologik himoya usulida zararkunandalarga qarshi parazitlar, yirtqich hasharotlar, mikroorganizmlar va antibiotiklardan foydalaniladi. O’simliklarni genetik himoya usuli ikki organizm: parazit bilan o’simlikxo’jayinning o’zaro ta’siriga asoslangan. O’simlikning kasallik va zararkunandalarga nisbatan immuniteti (chidamligi) muhim ahamiyatga ega. O’simliklarni mikrobiologik himoya usulida kasallik hamda zararkunandalarga qarshi kurashish uchun mikroorganizmlardan foydalaniladi. O’simliklarni uyg’unlashgan — integral himoya usulida zararkunanda hasharotlar hamda kanalarga qarshi kurashish uchun kimyoviy va biologik kurash usullari birgalikda olib boriladi. Bunda odam tomonidan buzilgan agrobitsenozdagi turlar nisbatan tiklanadi, bu esa biosferani muhofaza qilishning muhim omillaridan biridir. O’simliklarni himoya qilish nazariyasini yaratishda S.N. Lgimuhamedov, N. G. Zaprometov, V. A. Znamenskiy, K.I.Mirpo’latov, M.N. Narziqulov, R.O. Olimjonov, T.D.Straxov, V.N.Shchegolev, V.V.Yaxontov va boshqalar ning ishlari katta ahamiyatga ega bo’ldi. O’zbekistonda O’simliklarni himoya qilish bo’yicha amaliy tadbirlarni Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi O’simliklarni himoya qilish markazi rejalashtiradi, uyushtiradi va bajarilishini nazorat qiladi. Uning huzuridagi O’simliklarni himoya qilish stansiyalari, kasallik, zararkunandalarning tarqalishi va ko’payishidan ogohlantirish punktlari (156 ta) da bevosita O’simliklarni himoya qilish tadbirlari bajariladi. O’zbekiston o’simliklarni himoya qilish institutida, oliy o’quv yurtlari, tajriba stansiyalarida shu sohaga oid ilmiy ishlar olib boriladi. O’zbekiston Respublikasida O’simliklarni himoya qilish sohasidagi davlat boshqaruvi va nazorati O’zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo’jaligi vazirligi, Sog’liqni saqlash vazirligining Davlat Sanitariya-epidemiologiya xizmati, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi va boshqalar davlat boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasining «Qishloq xo’jaligi o’simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o’tlardan himoya qilish to’g’risida» Qonuni (2000 yil 31 avgust) O’simliklarni himoya qilishni ta’minlash, O’simliklarni himoya qilish vositalarining inson sog’ligiga, atrof muhitga zararli ta’sirining oldini olish bilan bog’liq munosabatlarni tartibga soladi. Ad.: Yaxontov V . V ., O’rta Osiyo qishloq xo’jaligi o’simliklari va mahsulotlari zararkunandalari va ularga qarshi kurash, T., 1953; Selsko xozyaystvennaya entomologiya, M., 1976; Pospelov S.M., O’simliklarni himoya qilish, T., 1978; O’zbekiston Respublikasida ishlatish uchun ruxsat etilgan o’simliklarni himoya qilish vositalari ro’yxati, T, 2003. Sulton Alimuhamedov, Murodjon Rashidov.