O’SIMLIKSHUNOSLIK

O’SIMLIKSHUNOSLIK — madaniy o’simliklarni yetishtirish usullari haqidagi fan. Tuproqshunoslik, umumiy dehqonchilik, qishloq xo’jalik meteorologiyasi, o’simliklar fiziologiyasi, biokimyosi, genetikasi, selektsiyasi, qishloq xo’jalik mikrobiologiyasi, agrofizika, agrokimyo, urug’chilik, o’simliklarni himoya qilish bilan chambarchas bog’langan. O’simlikshunoslikning asosiy tadqiqot ob’yekti — qishloq xo’jaligida ekiladigan ekinlar (turi, xili, navi, duragayi), ularning biologiyasi; tashqi muhit — agroekologik sharoitlarga talabchanligi va boshqalar zamonaviy O’simlikshunoslik shug’ullanadigan asosiy masalalar: ekiladigan o’simliklar tasnifi (donli ekinlar, ildizmevali va tuganak mevalilar, moyli ekinlar, tolali ekinlar, yem- xashak o’tlari va ekinlari, narkotikalkaloidli ekinlar); ularning biologik va ekologik xususiyatlarini o’rganish, navlar (duragaylar)ni rayonlashtirishning ilmiy asoslari, qimmatli xo’jalik belgilariga ega bo’lgan o’simliklar introduktsiyasi, qishloq xo’jalik ekinlarini yetishtirishda intensiv texnologiya (agrotexnika)ni o’rganish va ishlab chiqish; ekinning tuproqqa va atrof muhitga galabi; o’g’itlar va sug’orishga munosabati; potentsial hosildorligi yuqori bo’lgan tezpishar, kasalliklar hamda zararkunandalarga chidamli navlarni yaratish; yangi navlar agrotexnikasi va boshqalar O’simlikshunoslik ayrim ekinlarning biologik xususiyatlari: vegetatsiya davrining davomiyligi; organogenez, o’sish va rivojlanish ritmlari; vegetatsiya va morfogenezning izchil ketma-ket fazalari; ildiz sistemasi va assimilyasion sirtning rivojlanish dinamikasi, quruq modda to’planishi, o’simlikda foydali xo’jalik organlari va qismlarining shakllanishi; moddalar almashinuvi; suv va oziqlanish rejimi, sovuqbardoshligi, qishlashga, qurg’oqchilikka, sho’rga va boshqalarga chidamligi va boshqalarni o’rganadi. O’simlikshunoslik ekinlarning ekologik xususiyatlarini o’rganishda qishloq xo’jalik zonasidagi iqlim va tuproq omillarini baholash orqali o’simlik bilan tashqi muhit sharoitlari o’rtasidagi munosabatlarni tadqiq etadi. Bunda ekish muddatlari, birinchi kuzgi qorasovuq tushadigan davr, suv bilan ta’minlanish, tuproq unumdorligi va boshqalar masalalar o’rganiladi. Qishloq xo’jalik ekinlarini o’stirish texnologiyasi va mahsulot yetishtirishda O’simlikshunoslik o’rganadigan asosiy masalalar: mahalliy tuttroq iqlim sharoitlariga moslashgan hamda qimmatli xo’jalik va biologik xususiyati bilan ajralib turadigan nav (duragay)larni tanlash; almashlab ekish da eng yaxshi o’tmishdosh tanlash; tuproqni ishlash sistemasi va o’g’itlarni qo’llash, urug’likni ekishga tayyorlash, ekish (muddatlari, urug’lik normasi, ekish usullari va chuqurligi), ekinlarni parvarishlash (tuproqni ishlash, oziqlantirish, begona o’tlarni yo’qotish, o’simliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish, defoliant va desikantlarni ishlatish, ekinlarni o’sishni boshqaruvchi moddalar bilan ishlash); hosilni yig’ib olish (asosiy va yordamchi mahsulotni yig’ishtirish muddatlari va uni tashkil qilish, nobudgarchilikka yo’l qo’ymaslik, dalani ang’iz qoldiqlaridan tozalash, tuproqni yig’imterimdan keyin ishlash), yig’ilgan hosilga dastlabki ishlov berish va hokazolar. O’simlikshunoslik bo’yicha tadqiqot ishlari dala, vegetatsion hamda laboratoriya usullari bilan olib boriladi. O’simlikshunoslikda xo’jaliklar hamda ayrim ishlab chiqarish novatorlarining ilg’or tajribalarini o’rganish va ilmiy jihatdan umumlashtirishga katta o’rin beriladi. Yakunlangan tadqiqotlarning natijalari agrotexnika va iqtisodiy baholash uchun aniq bir tabiiyiqlim sharoitlarida sinab ko’riladi. O’zbekistonda O’simlikshunoslik faniga Al.Abdullayev, A.V.Avtonomov, V. Zuyev, A. Imomaliyev, M.V.Muhammadjonov, J.K. Saidov, S.X. Yo’ldoshev, S.M.Miraxmedov, Sh.Ibrohimov, S.R.Muhammadxonov, Z.U.Umarov, G’.Qurbonov, G’.Rahimov, D.T.Abdukarimov, H.Otaboeva va boshqalar muhim hissa qo’shgan. O’zbekistonda O’simlikshunoslik masalalari bilan O’zbekiston qishloq xo’jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi tarkibidagi ilmiy muassasalar, qishloq xo’jalik oliy o’quv yurtlari kafedralari shug’ullanadi. O’simlikshunoslik bo’yicha yetakchi institut O’zbekiston o’simlikshunoslik instituti. O’simlikshunoslikga oid ilmiy-amaliy ishlar «O’zbekiston qishloq xo’jaligi», «O’zbekiston agrar fani xabarnomasi» jurnallarida, oliy o’quv yurtlarining ilmiy to’plamlarida bosiladi. Halima Otaboyeva.