O’SIMLIKLARNI HIMOYA QILISH INSTITUTI

O’SIMLIKLARNI HIMOYA QILISH INSTITUTI, O’zbekiston o’simliklarni himoya qilish ilmiy tadqiqot instituti — o’simliklarni himoya qilish bo’yicha bosh muvofiqlashtiruvchi ilmiy markaz. 1958 yilda Butunittifoq paxtachilik institutining o’simliklarni himoya qilish Markaziy stansiyasi negizida tashkil etilgan. Toshkent viloyati Qibray tumani Salor shaharchasida joylashgan. institut faoliyatining asosiy yo’nalishlari: o’simliklarni himoya qilishning yangi vositalarini qo’llab, ekinlar va ulardan olinadigan mahsulotlarni zararkunandalar, kasalliklar va begona o’tlardan himoyalashning samarali va zamonaviy texnologiyalarini ishlab chiqish; ekinlarning zararkunanda va kasalliklarga chidamli turlari va navlarini aniqlash; don ekinlari zararkunandalari, kasalliklari va begona o’tlariga qarshi ekologik xavfsiz kurash choralarini, donni saqlash davrida zararkunandalardan himoya qilish texnologiyasini ishlab chiqish; respublikada va chet ellarda ishlab chiqarilgan zamonaviy insektoakarisidlarni o’rganish va sinash asosida samarador bo’lganlarini tanlab olish va ishlab chiqarishda foydalanish uchun tavsiya etish; g’o’za, bug’doy va sabzavot ekin maydonlarida uchraydigan begona o’tlarga qarshi yangi gerbitsidlarni qo’llash sharoitlarini aniqlash va qishloq xo’jaligida qo’llash usul va tartib-qoidalarini tavsiya etish; zararli chigirtkalarning biologik va ekologik xususiyatlarini o’rganish va ularga qarshi biologik va kimyoviy kurash choralarini ishlab chiqish va boshqalar. Institut tarkibida: 3 bo’lim (entomologiya, fitopatologiya, patent va joriy etish); 11 laboratoriya (texnika, moyli ekinlar va tut daraxti zararkunandalari; bog’, sabzavot ekinlari va dorivor o’simliklar zararkunandalarini o’rganish; qishloq xo’jalik ekinlari zararkunandalari va kasalliklarini prognozlash; o’simliklarning kasallik va zararkunandalarga qarshi immunitetini o’rganish; zararli chigirtkalarni o’rganish va matematik modellashtirish; chet ellar bilan aloqalar va ilmiytexnika axboroti; iqtisodiyot va mexanizatsiya tadqiqotlari); Qo’qon, Xorazm, Nukus, Qashqadaryo, Surxondaryo filiallari, Namangan qo’riqxonasi bor. Institutga ajratilgan tajriba xo’jaligi yer maydoni Qibray tumanida 14 gektar, Farg’ona tayanch punkti (Bag’dod tumani Ultarma qishlog’i)da 65 gektar. Institut tashkil etilgandan boshlab, asosan, o’simliklarni zararkunanda, kasallik va begona o’tlardan himoya qilishning uyg’unlashgan kurash choralarini ishlab chiqish muammolari bo’yicha izlanishlar olib bordi va g’o’zaning asosiy zararkunandalariga qarshi biologik kurash usulini ish lab chiqtsi va ishlab chiqarish ga joriy etdi. ITT faoliyati S.A.Juravskaya, K.I. Mirpo’latov, B.G.Aleyev, V.V. Yaxontov, N.S.Mirpo’latova, N.G.Zaprometov, F.M.Uspenskiy, S.N. Alimuhamedov, N.M.Mahmudxo’jayev, Sh.T.Xo’jayev, F.A.Stepanov, S.B.Zapevalova, Z.Q. Odilov, I.S.O’runov, T.K.Hasanov, K. Asanov, M.X. Komilova, E.L. Alxasyans, U.Rasulov, A. X. Hakimov, M.I.Rashidov va boshqalar olimlar bilan bog’liq. Institutda 70 ga yaqin xodim, jumladan, 6 fan doktori, 23 fan nomzodi ishladi (2005). Institut xodimlari tomonidan 39 ta ixtirolar qilingan va patent bilan himoyalangan. Institut olimlari tomonidan o’simliklarni himoya qilishga oid ilmiy to’plam, tavsiyanomalar, uslubiy qo’llanmalar va boshqalar yaratildi. Institutda ixtisoslashgan ilmiy kengash va aspirantura bor. Ilmiy kutubxona faoliyat ko’rsatadi. Institut dunyoning yetakchi davlatlari (Rossiya, AQSh, Germaniya, Frantsiya, Yaponiya, Shveytsariya, Shvesiya, Ukraina, Belorussiya, Qozog’iston)dagi ilmiy muassasalar bilan ilmiy hamkorlik aloqalari o’rnatgan. Murodjon Rashidov.