O’SIMLIKLAR KASALLIKLARI

O’SIMLIKLAR KASALLIKLARI — o’simliklarda turli sabablar — kasallik qo’zg’atuvchilar hamda noqulay tashqi sharoit ta’sirida yuz beradigan patologik jarayonlar. Bular organism funktsiyasi (fotosintez, nafas olish, o’stiruvchi moddalar sintezi, suv, oziq moddalar harakati)ning buzilishiga, o’simlikning butunlay nobud bo’lishi yoki ba’zi organlarining zararlanishiga olib keladi. O’simliklar kasalliklari hosilni kamaytirib, sifatini buzadi. Masalan, viltning rivojlanishi va tarqalishi uchun qulay sharoit vujudga kelgan yillari paxta hosili 20-25% ga, ba’zi hududlarda 60-80% gacha kamayishi mumkin. O’simliklar kasalliklarining 30 mingdan ortiq turi ma’lum. Ular belgilari yoki tiplari (Patografik tasnif), zararlangan o’simliklar (o’simlikshunoslik tasnifi) hamda kasallik qo’zg’atuvchi sabablar (etiologik tasnif) bo’yicha guruhlanadi. Etiologik tasnif negizida O’simliklar kasalliklari yuqumsiz va yuqumli kasalliklarga ajraladi. Yuqumsiz O’simliklar kasalliklari, asosan, muhitning abiotik omillari: mineral oziqlanish tartibining buzilishi, xususan, makroelementlar — azot, fosfor, kaliy hamda mikroelementlar — bor, rux, temir, mis, molibdenning yetishmasligi; noqulay suv rejimi (tuproqda namning yetishmasligi yoki ortib ketishi); o’simliklarga yuqori yoki past temperaturaning ta’siri, havo va tuproq trasining keskin o’zgarishi natijasida vujudga keladi. Yuqumsiz O’simliklar kasalliklarining kelib chiqishiga havo va tuproqdagi zararli aralashmalar (sulfit angidrid ta’sirida barglarning kuyishi va to’kilishi); tuproqqa solinadigan ba’zi gerbitsidlar qoldig’i ta’siri; noqulay yorug’liq rejimi (xususan, issiqxonalar va parniklarda yorug’likning yetishmasligi, o’simliklarning yotib qolishi, xloroz kabilarga sabab bo’lishi mumkin); ionlovchi nurlar (alfa,beta, gamma nurlar, rentgen nurlari, neytronlar); ba’zi zamburug’lar (G’ivagsht, Vo1gush va boshqalar turlar) hamda ayrim yuksak o’simliklar tomonidan tuproqqa chiqariladigan toksinlar sabab bo’lishi mumkin. Yuqumli O’simliklar kasalliklariga o’simliklarning virusli kasalliklari (mozaika kasalligining bir qancha turlari, so’lish, pakanalik, g’umbaklanish, proliferatsiya — to’qimalarning o’sib ketishi); o’simliklar bakterial kasalliklar yoki bakteriozlar (o’simliklar raki, bakterial chirishning turli xillari, mevali daraxtlar, tamaki va boshqalarning bakterial kuyish kasalliklari); o’simlik zamburug’li kasalliklari yoki mikofitozlar (o’simlik zang kasalliklarining bir qancha turlari, qorakuya, rag’a, fuzariozlar, chirishlar, tsitosporozlar, Askoxitozlar va boshqalar) kiradi. Shuningdek, aktinomisetlar qo’zg’atadigan aktinomikozlar, algofitozlar; gelmintofitozlar ham yuqumli O’simliklar kasalliklariga kiradi. Yuqumli kasalliklarga o’simliklarning parazit hasharot (entomofitozlar) bilan zararlanishi ham sabab bo’lishi mumkin. O’simliklar kasalliklarining inkubasion davri qancha davom etishi havo harorati, namligi, o’simlikning kasalliklarga chidamliligi yoki moyilligiga bog’liq (qo’zg’atuvchi kasal o’simlik ichida yoki tashqarasida ko’payadi; infektsiya elementlari havo, yomg’ir tomchilari, hasharotlar va boshqalar yo’llar bilan tarqalib, o’simliklarni yoppasiga zararlashi mumkin). Himoya reaktsiyalari. O’simlikda kasallik qo’zg’atuvchilarga qarshi Fermentlar, fitontsidlar faolligi ortadi, hujayra devorlari po’kaklanadi, zararlangan hujayralar kasallik qo’zg’atuvchi bilan birgalikda o’lik hujayralarga aylanadi va hokazolar. Oldini olish tadbirlari: ekinlarning o’sishi va rivojlanishi uchun yaxshi sharoit yaratish, kasalliklarga chidamli navlarni ekish, ilmiy asoslangan urug’chilik, urug’likni dorilash va hokazolardan iborat. Davolashda turli kimyoviy preparatlar (insektisidlar, fungisidlar, fumigantlar)dan foydalaniladi. O’simliklar kasalliklari qo’zg’atuvchilarining bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga o’tmasligi uchun karantin qo’llaniladi. Ad.: Serbinov V . I ., Qishloq xo’jaligi ekinlarining kasalliklari, T., 1964; Grushevoy S.E., Selskoxozyaystvennaya fitopatologiya, M., 1965.