Osiyo taraqqiyot banki

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) -xalqaro mintaqaviy bank. Bankni tuzish haqidagi bitim 15 ta davlat hukumatlari tomonidan imzolangan bo’lib 1966 yil 22 avgustda kuchga kirgan. OTB tarkibiga a’zo sifatida BMTning iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo’yicha Osiyo— Tinch okean komissiyasiga a’zo bo’lgan davlatlargina kiritilishi mumkin. Hozirda bankka 61 mamlakat a’zo. Bank faoliyatining asosiy maqsadi Osiyodagi rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiy taraqqiyotiga va tashqi savdosiga ko’maklashishi, moliyaviy, texnik va iqtisodiy yordam ko’rsatish. Bank xususiy sektorni rivojlantirishga, mintaqaviy hamkorlik va atrof muhit tozaligini saqlashga alohida e’tibor qaratadi. OTB tomonidan 1968-83 yilda 9,2 milliard dollar odatdagi kredit va 4,2 milliard dollar maxsus fond krediti berilgan. OTBning Nizom jamg’armasi — 43,6 milliard AQSh dollariga teng. Bankning har qanday qarorini hamkorlikda 1/3 ovozga ega bo’lgan AQSh va Yaponiya to’xtatib qo’yishi mumkin. Ularning har biri nizom jamg’armasining 15,9% miqdorida ulushga ega. Shuningdek, bank huzurida 2 maxsus fond faoliyat ko’rsatadi — Osiyo taraqqiyot fondi va texnika yordami maxsus fondi. Bankka rivojlangan davlatlarning ta’siri katta: mablag’larning 50% ularga tegishli. Shtab kvartirasi Manila (Filippinka. Oliy organi — Boshqaruvchilar kengashi. Yaponiya vakili hamisha bank prezidenti bo’ladi. O’zbekiston Respublikasi 1995 yilda OTBga a’zo bo’lgan. Respublikaning ushbu bankdagi kvotasi 310,5 million AQSh dollarini tashkil etadi. Hozirgi paytda O’zbekistonda OTB ishtirokidagi umumiy miqdori 625,5 million AQSh dollariga teng bo’lgan 13 ta loyiha amalga oshirilmoqda.