Osiyocha ishlab chiqarish usuli

Osiyocha ishlab chiqarish usuli — qadimgi jamiyat rivojlanishining alohida bosqichi tasnifi. Bu tushuncha dastlab 1859 yilda K. Marks tomonidan kiritilgan bo’lsada, o’tgan asrning 20-30 – va 60-80-yillarida ijtimoiy fanda keskin tortishuvlarga sabab bo’ldi, lekin o’zining uzil-kesil yechimini topmadi. Ikki ming yil oldin paydo bo’lgan ishlab chiqarishning bu usuli Meksika, Peru, Shumer, Qadimgi Xitoyda, hatto Rossiyada mavjud bo’lgan degan fikrlar ham bor. Osiyocha iqtisodiyotning miloddan avvalgi 8-4 asrlarda qadimgi Spartada, 3-1 asrlarda Misrda, 6-14 asrda Vizantiya imperiyasida va, nihoyat, 1917-1991 yillarda sobiq Sovet Ittifoqida amal qilgani ma’lum. Osiyocha ishlab chiqarish usulining mohiyati ayrim mintaqalarda kishilar faoliyatining moddiy shart-sharoitlari va xususiyatlari bilan belgilanadi. Bu xususiyatlarni 3 yo’nalishga ajratish mumkin: katta miqyoslarda ishlab chiqarishning muvofiqlashtirilishini talab qiladigan ijtimoiy mehnat taqsimoti va mehnatini Kooperatsiyalashning alohida turi mavjudligi; resurslarning (tabiiy, moddiy) cheklanganligi; mehnat resurslarining keragidan ortiq darajasi. Osiyocha ishlab chiqarish usulining asosiy xususiyati yerga davlat mulkchiligining amal qilishidir. Davlatning alohida xo’jalik roli xuddi ana shundan kelib chiqadi. Yerga davlat mulkchiligi qishloq jamoalari tizimi bilan qo’shilib ketib, bu ishlab chiqarish usuli faoliyatiga keng yo’l ochib beradi. Bunday sharoitda hokimiyatga alohida dehqon yoki hunarmand emas, jamoaning demokratik tashkiloti ro’baro’ turadiki, ular o’z navbatida davlat oldida jamoa a’zolari manfaatlarini himoya qiladi. Bu tipdagi iqtisodiyot hokimiyat va mulkning yagonaligiga va markazlashgan xo’jalik yuritishga asoslanadi. Shuning uchun uni «hokimiyat — mulk» tizimi deb ham atashadi. Davlat tizimi ustiga qurilgan ishlab chiqarish usuli biqiklikka, ya’ni boshqa tizimlardan aloxdda yashashga moyil bo’ladi. Bu ishlab chiqarish usulida jamoaning o’rni alohida. Osiyo tipidagi jamoa o’zining mustahkamligi va monolitligi bilan ajralib turadi. Osiyocha ishlab chiqarish usuli xo’jalikni markazlashgan tartibda yuritishni taqozo etadi. Chunki oddiy mehnat kooperatsiyasini katta hududlarda keng miqyosda tashkil etish (kanallar qazish, to’g’onlar qurish, tabiiy ofatlarga qarshi kurashish) zarur edi. Bunday sharoitda alohida fuqarolarning manfaati, kichik guruhlar (oila, jamoa, mehnat jamoasi) manfaatiga, ularniki katta guruh (tabaqalar, kastalar) manfaaatlariga, keyingilarniki esa davlat manfaatlariga to’la bo’ysundiriladi. Natijada davlat fuqarolarning barcha hatti-harakatlari va, hatto, fikrlash tarzi ustidan ham to’liq nazorat o’rnatadi. Osiyocha ishlab chiqarish usuli qisqa muddatlarda masalan, 15— 20 yillar ichida salmoqli, aytaylik, yiliga 20% gacha iqtisodiy o’sish sur’atlarini ta’minlashga qodir. Uzoq muddatlarda, masalan, 50 yil mobaynida esa bu tizim erishilgan darajani saqlab qolishga harakat qilishi bilan ham turg’unlikni va degradatsiyani keltirib chiqaradi. Osiyocha ishlab chiqarish usuli turli shakllarda amal qilib keldi. U uchun tarixiy jarayonning evolyutsion yo’li xarakterlidir. Bu tendentsiya an’analarning kuchliligi bilan mustahkamlangan bo’lib, xalqning diniy-axloqiy hayotiga asoslanadi. Ma’muriy-buyruqbozlik tizimi bilan Osiyocha ishlab chiqarish usuli o’rtasida o’zaro bog’liqlik bo’lib, uning muhim belgisi davlatning xo’jalik mexanizmini boshqarishida namoyon bo’ldi. Sobiq SSSR da ishlab chiqarishning barcha omillari, shu jumladan, yer, yer osti boyliklari, suv resurslari, barcha asosiy ishlab chiqarish fondlarining 90% ga yaqini davlatga tegishli bo’lib, ular partokratiya, sovet nomenklaturasi, sotsoligarxiya deb nomlangan bir guruh shaxslar tomonidan boshqarilar edi. Bunday boshqarish O’zbekistonda bir qancha salbiy oqibatlarga olib keldi. Eng avvalo iqtisodiy hayot taraqqiyotning ekstensiv omillari hisobiga shakllandi va rivojlandi. Bunda asosiy e’tibor texnika progressiga emas, tabiiy ishlab chiqarish kuchlariga, jumladan, tabiat resurslaridan ayovsiz foydalanishga qaratildi. 70 yil mobaynida mamlakatda yarim natural, yarim biqiq, xom ashyo tarmoqlariga asoslangan xo’jalik turi vujudga keldi. Nurislom To’xliyev.