Osmoregulyatsiya

Osmoregulyatsiya (Yunoncha osmos -turtki, bosim va lotincha regulo — boshqaraman) — hayvonlar organizmi ichki muhitidagi osmotik faol moddalar kontsentrasiyasini doimiy bir me’yorda saqlab turishni ta’minlaydigan fizik va kimyoviy jarayonlar majmui. Osmoregulyatsiya ko’pchilik hayvonlar uchun xos. Hayvonlarni Osmotik bosim reaktsiyasiga ko’ra, poykilosmotik vagomoy-osmotik guruhlarga ajratish mumkin. Poykilosmotik hayvonlar tanasida osmotik bosim muhit xususiyatlariga bog’liq bo’lib, nisbatan keng chegarada o’zgarishi mumkin. Gomoyosmotik hayvonlar osmotik jihatdan o’zgarmas; tashqi muhit o’zgarishidan qat’i nazar ular tanasidagi suyuqlik bosimi nisbatan doimiy saqlanadi. Ichki muhit Osmotik bosimi kuchiga nisbatan hayvonlar giperosmotik va gipoosmotik bo’ladi. Ichki muhit suyuqligida osmotik faol moddalar kontsentrasiyasi giperosmotik hayvonlar (quruklikda va chuchuk suvda yashovchilar, tog’ayli baliqlar) da tashqi muhit bosimiga nisbatan yuqori, gipoosmotik hayvonlar (dengiz suyakli baliklari, sudralib yuruvchilar va ayrim qisqichbaqasimonlar) da past, izoosmotik hayvonlar (dengiz mollyuskalari, igna-terililar va boshqalar) da esa teng bo’ladi. Osmoregulyatsiya giperosmotik hayvonlarda oziq bilan tuz, suvdan Na+ va S1~ ionlarini iste’mol qilish orqali sodir bo’ladi. Bu jarayon jabralarda (mollyuskalar, qisqichbaqasimonlar, baliqlar), terida (suvda va quruqlikda yashovchilar), og’iz bo’shlig’i va kloakada (sudralib yuruvchilar), anal papillalarida (chivinlar qurtlari) joylashgan maxsus hujayralar yordamida ro’y beradi. Gavda qoplagichi orqali kiradigan suvning ortiqcha qismi ayirish organlari (qisqaruvchi vakuolalar, nefridiyalar va buyraklar) orqali chiqarib turiladi. Giperosmotik dengiz hayvonlarida Osmoregulyatsiya qonda mochevina va trimetiloksidning to’planishiga bog’liq. Gipoosmotik hayvonlarda Osmoregulyatsiya dengiz suvini ichib, undan ortiqcha tuzlarni jabralarda joylashgan maxsus hujayralar yoki tuz ajratuvchi bezlar yordamida ajratib, uni chuchuklantirish orqali (sudralib yuruvchilar, qushlar) boradi. Ikki valentli ionlar esa ichak va buyrak yordamida ajratiladi. Sut emizuvchilarning buyraklari asosiy Osmoregulyatsiya organi hisoblanadi. O’tkinchi baliqlar (losossimonlar va boshqalar) va ayrim Qisqichbaqasimonlar giper va gipoosmatik Osmoregulyatsiyaga ega bo’lib, dengiz va chuchuk suvda ham yashashi mumkin. Ko’pchilik umurtqasiz hayvonlarning har xil sho’rlangan suvlarda yashashi hujayra Osmoregulyatsiyasi bilan bog’liq. Osmoregulyatsiya sistemasining nam tanqisligiga moslashuvi bir qancha mexanizmlarni, kontsentrasisi xossasini oshirish orqali suvni tejash (kengurusimon kalamush), suvsizlanishga chidamlikning keskin oshishi (eshak), azotli almashinuvning oxirgi mahsuloti sifatida siydik kislotaning hosil bo’lishi (sudralib yuruvchilar, qushlar), tuz ajratadigan burun bezlarining bo’lishi (ayrim sudralib yuruvchilar) va boshqalarni o’z ichiga oladi. Osmoregulyatsiya refleks tarzida amalga oshadi. Osmoregulyatsiyada gipofiz, buyrak usti bezlari, qalqonsimon bez va oshqozon osti bezlari hamda har xil sensor organlar va harakat sistemasi katnashadi. Osmoregulyatsiya tufayli hayvonlar har xil muhitda yashashga moslashgan.