Ostonaqul qo’shbegi

Ostonaqul qo’shbegi, Ostonaqulbiy Muhammad Sharif Devonbegi o’g’li (1860-1923) — mang’itlar davrida saroy arbobi, bosh zakotchi, qo’shbegi. Qarshi va Chorjo’y viloyatlari hokimi (1879-86). U Buxoro amirligida qo’shbegi — bosh vazir (1886 — 1910) bo’lgach, Amir Abdulahad barcha davlat ishlarini unga topshirib, o’zi Karmanada o’tirgan. Ostonaqul qo’shbegi Amir nomidan faoliyat yuritib, Rossiya imperiyasining Buxorodagi siyosiy agenti bilan muomala qilgan. Bir necha marta Rossiyaga borgan. Ostonaqul qo’shbegi, Amir Muzaffar davrida boy berilgan Buxoroning mavqei tiklanishi uchun intilgan. U Buxoroda aroqxo’rlik va ishratbozlik bazmlarini taqiqlagan, poraxo’rlikka qarshi kurashgan, ra’iyat farovonligi uchun intilgan. Buxoroda 1910 i. yanvar voqealari, ya’ni shialar va sunniylar o’rtasidagi xunrezlikdan foydalanib, dushmanlari uni qo’shbegilikdan olib tashlashga amirni ko’ndirishgan. Abdulahad uni Karmanaga chaqirgan, Xatirchi va Ziyovuddin viloyatlariga hokim qilib tayinlagan (1910). Oradan ko’p o’tmay u Karmanada zindonga tashlangan. BXSR tuzilgach, «Avkaf» vaqf idorasini boshqargan. Ad.: Ayniy S, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Muhammad Ali Baljuvoniy, tarixi nofeiy (foydali tarix), T., 2001.