Ot, xonaki ot

Ot, xonaki ot (Equus caballus) — otsimonlar oilasiga mansub toq tuyoqli o’txo’r hayvonlar avlodi. O’rta Osiyoda va Yevropaning Janubiy-Sharqiy qismida xonaki otlar miloddan avvalgi 3-ming yillikdan ma’lum edi. Otlar yovvoyi holda Yevropada, Osiyo va Afrikada uyur bo’lib yashagan. Ular 4 kenja avlodga bulinadi: haqiqiy Ot (bularga Prjevalskiy oti, qirilib ketgan tarpanlar va xonaki otlar kiradi), eshaklar, yarim eshaklar (Masalan, Kulon) va zebralar. Xonaki Otlar eshaklar, Zebralar va kulonlar bilan chatishtirilib, duragaylar — xachirlar, ot-xachir, ot-kulon, zebrasimonlar va kulonsimonlar olinadi. Lekin bular, odatda, nasl bermaydi. Ot ko’p asrlar mobaynida asosiy transport vositasi, qishloq xo’jaligining asosiy ish hayvoni edi. Shuningdek, armiya uchun ham juda ko’p ot talab qilinardi. Hozirgi zamondagi ot zotlari bo’yi 2,5 metrgacha, balandligi 50 santimetrdan 185 santimetrgacha, vazni 60 kilogrammdan 1500 kilogrammgacha boradi. Ular boshqa qishloq xo’jalik hayvonlaridan tez yugurishga yaxshi moslashgani, katta tortish kuchiga egaligi bilan ajralib turadi. Ayg’irlarining tishi 40 ta (12 ta kurak tishi, 4 ta qoziq tish, 12 ta jag’oldi va 12 ta jag’ tishi). Baytalida qoziq tishlar bo’lmaydi, tishlari soni 36 ta. Kulunlarning sut tishlari 6-9 oyda o’sib chiqadi, 5 yoshga to’lganda sut tishlari doimiy tishlar bilan almashadi. Ustki va pastki jag’larda qoziq va jag’tishlar orasida tisheiz joy (bo’shliq) bo’lib, otni suvluq bilan boshqarish imkoniyatini beradi. Oshqozoni oddiy tuzilishga ega, o’t xaltasi yo’q, terisi ning junlari nisbatan kalta (1— 4 santimetr), to’g’ri, jingalakligi kam uchraydi, peshonasining gajagi, yoli va dumi killardan iborat. Bahorda va kuzda tullaydi. Tusi har xil. Olarda shartli reflekslar tez paydo bo’ladi. Shuning uchun ular qo’lga tez o’rganadi, ishda, sportda, tsirkda ulardan foydalanish o’ng’ay. Otlar 25, ba’zan 40 va undan ortiq yil yashaydi. Ishchi va sog’in otlardan 15-18, nasddor otlardan 18-20 yil va undan ortiq foydalaniladi. Yosh otlar 1,5 yoshida jinsiy etiladi, lekin 3 — 3,5 yoshgacha nasl olishga qo’yilmaydi. 5-6 yoshida usishdan to’xtaydi. Biyalar 4 yoshga to’lganda birinchi kulun beradi. Bo’g’ozlik davri 11 oy (340 kun)ga yaqin. Kamdan-kam egizak tug’adi. Sog’in davri 6-8 oy, ba’zan 10 oyga boradi, sutkasiga 11 — 15 l sut beradi. Otlar otxonada, otxona—yaylovda (bahordan kuzgacha) va yaylovda (yil bo’yi) boqiladi. Sutidan qimiz tayyorlanadi. O’rta Osiyo xalqlari qadimdan otlarni go’sht olinadigan hayvon sifatida ham boqadi. Naslchilik (yangi zotlar yetishtirish) ot zavodlarida, yilqichilik xo’jaliklarida, yirik fermalarda, naslchilik, sun’iy urug’lantirish stansiyalarida olib boriladi. Yangi tug’ilgan toychoq «kulun», 2 yoshlisi «toy», 3 yoshdagisi «g’o’non» va 4 yoshlisi «do’non» deb ataladi. Dunyodagi barcha mamlakatlarda 250 dan ziyod ot zotlari mavjud. Shundan 50 dan ortiqrog’i yaqin MDH mamlakatlarida va 8 tasi O’zbekiston xududida urchitiladi. Hozirgi zamon otlari bir-biridan tana tuzilishi va yaqqol ixtisoslashganligi bilan farq qiladi. Shular jumlasiga egarlab salt miniladigan otlar; salt miniladigan, aravaga yoki chanaga qo’shiladigan yo’rtoqi ot zotlari; og’ir yuklarni tortadigan yukchi otlar kiradi. Qishloq xo’jaligida mexanizatsiyalashning rivojlanishi bilan ot boqiladigan ko’pchilik mamlakatlarda 20-asr o’rtalaridan boshlab, Otning ot sporti, turizm, go’sht va qimiz olish uchun mo’ljallangan zotlari yetishtirilmoqda. Otlarning sifati, ish qobiliyati va uzoq muddat foydalanish imkoniyati ularni boqish va asrash sharoitiga bog’liq. Otxonada Otlar suli, arpa, javdar, makkajo’xori doni, kunjara va boshqa qo’shilgan tert, don-dukkaklilar pichani, sershira ozuqa (sabzi, lavlagi, kartoshka, silos), aralash yem-xashak bilan, yozda o’tloqda boqiladi. Ot ozuqasiga har kuni osh tuzi qo’shib berish kerak. Kuniga 3 mahal sug’oriladi. Otni Ippologiya fani o’rganadi. Ad.: Almazov B., Bormisiz, tulporlarim, T., 1983. Abdusattor Amirov.