Otaqo’zi madrasasi
Otaqo’zi madrasasi – Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi me’moriy yodgorlik (20-asr boshlari). Madrasani mahalliy boy Otaqo’zi qurdirgan. Qurilishda Usta Qirg’izboy va Mamajonlar qatnashgan. Otaqo’zi madrasasi tarhi ko’p burchakli, peshtoq — gumbazli darvozaxona, masjid — ayvon, 2 qavatli hujralardan iborat. Binoning umumiy ko’lami va tarh tuzilishi o’ziga xos. Hovli bo’ylab hujralar va gumbazli darsxona joylashgan. Otaqo’zi madrasasi qurilishida ustalar oddiy pishiq g’ishtning bezak imkoniyatlari naqadar kengligini namoyish etganlar. Ravoqli, mezanali va qubbali ustungo’shalar binodan birmuncha balandroq ko’tarilgan. Ustungo’shalarga ishlov berishda turli shaklda g’isht terish yo’li bilan o’ziga xos bezak hosil qilingan. Ular orasidagi devor sirtiga yuza ravoqlar ishlangan. Masjidning gul solingan shifti alohida badiiy qimmatga ega, unda girih va islimiy naqshlar Qur’on suralaridan olingan yozuvlar bilan o’zaro uyg’unlashib ketgan (bezagida mahalliy usta Saydullo qatnashgan). Madrasa qurilishida Xorazmcha muqarnas, sharafa va kungura qo’llangan. Otaqo’zi madrasasi Qo’qon xonligining so’nggi davr me’moriy yodgorligi hisoblanadi. 1971-75 yillarda ta’mirlanib, o’lkashunoslik muzeyi joylashgan.