O’TIN

O’TIN — yoqilg’i sifatida foydalanish uchun mo’ljallangan yog’och (taxta, poya, shoxshabba va boshqalar). Har xil jinsli daraxt tanasi va shoxlarini arralab va yorib tayyorlanadi. O’tin sifatida eman (dub), qayin, qarag’ay, archa va boshqalar igna bargli daraxtlar, terak, tog’terak, tol, tok poyalari, saksovul yog’ochi hamda o’rik, yong’oq va boshqalar mevali daraxtlar yog’ochi ishlatiladi. O’zbekistonda, ayniqsa, archa, yong’oq, o’rik yog’ochi, saksovul O’tin sifatida qadrlanadi. Ular tandir, o’choq, qo’rada non va somsa yopish, turli-tuman ovqatlar, kabob va tandir kabob pishirish uchun juda qimmatli yoqilg’i hisoblanadi. O’tindan pista ko’mir ham tayyorlanadi. O’tinning hajmi, asosan, sarjin bilan o’lchanadi. Yuqorida sanab o’tilgan barcha jinsdagi o’tinbop yog’ochlarning (saksovuldan tashqari) kimyoviy tarkibi o’xshash bo’lib, taxminan 50 foizini uglerod tashkil qiladi. Shuning uchun mutlaqo quruq holatdagi yog’ochlarning yonish issiqligi deyarli bir xil: 1 kilogramm O’tin yonganda ajraladigan issiqlik miqdori 18800 kilogramm (4500 kkal)ni tashkil qiladi (har qaysi jinsdagi daraxt yog’ochi uchun bundan 3-5% farq qilishi mumkin). Hozir yoqilg’i sifatida gaz, neft, torf, ko’mir, elektr energiyasi ko’proq ishlatilgani tufayli O’tinning yoqilg’i sifatidagi ahamiyati kamaygan, lekin o’zbek milliy pazandachiligida O’tinning qadri hali ham yuqori.