Otit

Otit (Yunoncha otos — quloq, itis — yallig’lanish) — quloqning yallig’lanishi. Tashqi quloqning yallig’lanishi tashqi. Otit, o’rta quloqning yallig’lanishi o’rta Otit va ichki quloqning yallig’lanishi labirintit deyiladi. Tashqi Otitga tashqi eshituv yo’liga infektsiya kirishi, shuningdek, qashinib yoki hasharot chaqib yaralanishi, kuyish, sovuq urishi, shpilka yoki barmoq bilan quloq kovlash va hokazolar sabab bo’ladi. O’rta Otit ko’pincha yosh bolalarda uchrab, birmuncha og’ir kechadi, quloq qattiq og’riydi, harorat ko’tariladi, eshitish ancha pasayadi, miya va uning pardasiga asorat berishi mumkin. O’rta Otitga aksariyat yuqori nafas yo’llarining yallig’lanishi bilan kechadigan infektsion kasalliklar: gripp, o’tkir respirator kasalliklar, qizamiq, skarlatina va boshqalar sabab bo’ladi. O’rta Otitda vrach tavsiyasi bo’yicha kompress qilinadi; u og’riqni pasaytiradi va nog’ora bo’shlig’idagi yallig’lanish so’rilib ketishiga imkon beradi. O’rta quloq yallig’lanishining oldini olish uchun organizmni chiniqtirish, servitamin ovqatlar iste’mol qilish, fizkultura va sport bilan shug’ullanish lozim. Tamaki chekish va alkogolga ruju qilish oqibatida nafas yo’llarining surunkali yallig’lanishi keyinchalik o’rta quloqqa ham o’tishi mumkin. Tumov bo’lganda burunni to’g’ri qoqa bilish ham o’rta Otitning oldini olishda ayniqsa muhim. O’z vaqtida to’g’ri davo qilinsa, bemor butunlay tuzalib ketadi, eshitish qobiliyati o’z holiga qaytadi. Ba’zan so’rg’ichsimon o’siq kataklari va ular oralig’idagi to’siqlarning yallig’lanishi kabi asoratlar yuzaga kelishi yoki kasallik surunkali shaklga o’tishi mumkin. Surunkali Otitda vaqt-vaqti bilan yiring oqib turadi, eshitish qobiliyati pasayadi. Surunkali Otitga xos alomatlar paydo bo’lishi bilan darhol vrachga murojaat etish lozim. O’z vaqtida davo qilinmasa, meningit, sepsis, hatto miya to’qimasi abstsessi kabi asoratlar ro’y beradi. O’rta quloq yallig’lanishini muntazam davolash zarur, bemor vrach-otorinolaringolog nazorati ostida bo’lishi lozim. Bu kasallikda quloq pardasida doimiy teshik mavjudligi tufayli quloqqa suv kirganda dard zo’rayadi. Shuning uchun cho’milganda va bosh yuvganda paxtani vazelin yoki boshqa suyuq moyga shimdirib, quloqqa tiqib qo’yish kerak.