Otoskleroz
Otoskleroz (oto… va skleroz) — quloq kasalligi. Bunda o’rta quloqni ichki quloq bilan birlashtirib turadigan oval darcha sohasidagi suyak to’qimasi o’sib ketadi. Natijada tovush tebranishlarining eshituv suyakchalari sistemasi orqali o’tishi qiyinlashadi yoki butunlay to’xtaydi. Deyarli hamma vaqt ikkala quloq og’riydi, odatda, 16-17 yoshda, ba’zan bolalikda boshlanadi, ko’proq xotin-qizlarda uchraydi. Otosklerozda bemorning qulog’i asta-sekin eshitmay qoladi, qulog’i shang’illaydi, bora-bora karlikka olib keladi. Kasallik ba’zan juda sekin rivojlanadi. Kasbga aloqador ba’zi zararliklar (shovqin, vibratsiya va boshqalar) hamda infektsion kasalliklar, shuningdek, homiladorlik va tug’ish ko’pincha Otosklerozni kuchaytiradi. Kasallikka ko’proq ichki sekresiya bezlari funktsiyasining buzilishi, eshituv organining kuchli tovush ta’sirida zararlanishi sabab bo’ladi. Kasallikning boshlang’ich davrida dori-darmonlar bilan eshitishni bir oz yaxshilash va quloq shang’illashini pasaytirish mumkin, shuningdek, eshitish apparatlari ham yaxshi foyda beradi.