Ovqatlanish gigiyenasi
Ovqatlanish gigiyenasi – gigienaning bir tarmog’i, sog’lom odamning to’fi va bekamu ko’st ovqatlanish muammolarini o’rganadigan fan. Uning mustaqil bo’limi — Dietologiya bemorlar ovqatini o’rganadi va parhez ovqatlar tarkibini ishlab chiqadi. Go’daklnk davridagi ovqatlanishni o’rganish ham Ovqatlanish gigiyenasining mustaqil bo’limidir. Ovqatlanish gigiyenasi odamning ovqatlanishini jins, yosh, kasb, mehnat xarakteri, jismoniy zo’riqish, iqlim sharoiti, milliy va boshqa xususiyatlari, turli hududlardagi aholi ovqatining miqdori va sifat tomonlariga bog’lab o’rganadi va kishilarning mehnat sharoitiga qarab oziq moddalarga ehtiyojini belgilab beradi. Ishlab chiqarish korxonalarining jamoalari, maktablardagi, maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar va boshqa muassasalarning bolalar jamoalari uchun ratsional ovqat ishlab chiqish, umumiy ovqatlanish va ovqat sanoati korxonalarida oziq-ovqat masalliklarini zararli moddalar qo’shilishidan saqlashga doir ta’sirli sanitariya nazorati usullarini ishlab chiqish, ovqatdan bo’ladigan toksiko-infektsiyalar va intoksikasiyalarning oldini olish tadbirlarini ishlab chiqish, ovqat sanoati, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini loyihalash, qurish va ishga tushirishni profilaktik sanitariya nazoratiga olish, yangi sanoat tovarlarining vaqtincha texnika shartlari va davlat andozasiga mos ishlab chiqishda qatnashish Ovqatlanish gigiyenasining amaliy vazifalaridir. Ovqatlanish gigiyenasi o’z tadqiqotlarida kimyo, mikrobiologiya, fiziologiya, stomatologiya, iqlimshunoslik va boshqa fanlarning ilmiy ma’lumotlariga tayanadi. O’zbekiston Respublikasida Ovqatlanish gigiyenasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni respublika Dietologiya markazi, toshtining ovqatlanish gigienasi kafedralari, shuningdek, sanitariya-gigiena ilmiy tadqiqot instituti, laboratoriyalari va bo’limlari, don, go’sht va sut, konserva va sabzavot quritish, konditer sanoati va boshqalarning nazorat tarmoqlari olib boradi.