Oyoq

Oyoq — tayanch va harakat a’zosi. Hayvonlarda Oyoqning vujudga kelishi va tuzilishi turlicha bo’lsa ham, bajaradigan vazifasi o’xshash. Ko’p qilli halqalilarning juda sodda tuzilgan juft oyog’i muskulli, kalta, lekin serharakatdir. Xordali hayvonlar oyog’i toq va juft bo’ladi. Quruqlikda yashaydigan barcha umurtqali hayvonlarda toq Oyoq bo’lmaydi, biroq ular suvda yashashga o’tsa, toq Oyoq (suzgich qanotlar) qayta vujudga kelishi mumkin (masalan, ixtiozavrlar, kitlar va boshqalarda). Toq Oyoq tufayli hayvon suvda muvozanatini saqlaydi, oldinga harakat qiladi va, asosan, o’zini-o’zi boshqaradi. Juft Oyoq dastlab baliqlarda paydo bo’lgan, u suvga sho’ng’ish yoki ko’tarilishni boshqaradi va muvozanatni saqlaydi. Har bir Oyoq muskullar yordamida harakatlanuvchi va bir-biri bilan tutash- gan tog’ayli yoki suyakli skeletdan iborat. Quruqlikda yashaydigan umurtqali hayvonlarning oyoqlari 3 bo’limdan tashkil topgan; Oyoq kamari bilan tutashuvchi yelka (oldingi Oyoqda) yoki son (orqa Oyoqda), bilak (oldingi Oyoqda) yoki boldir (orqa Oyoqda) va panja (oldingi Oyoqda) yoki pay (orqa Oyoqda). Evolyutsiya jarayonida juft Oyoq ko’p o’zgarishlarga uchragan. Uchar kaltakesaklar, qushlar va ko’rshapalaklarda uchishning taraqqiy etishi tufayli oldingi Oyoq qanotga, dengiz kaltakesaklari, kitsimonlar, kurakoyoqli sut emizuvchilarniki kurakka aylangan va hokazolar. Ba’zan hayvonlarning oldingi oyoqlari kovlashga (krotda), ayrimlariniki ushlashga (maymunlarda) moslashgan. Funktsional ahamiyati kamayishi sababli ayrim hollarda juft Oyoq yo’q bo’lib ketgan (masalan, ilonbaliqlarning qorin suzgich qanoti, kitsimonlar va sirenalarning orqa oyoqlari, oyoqsiz amfibiyalar hamda barcha ilonlarning ikkala juft oyoqlari va hokazolar). Odamda Oyoq suyaklari va muskullari gavdani ko’tarib turishga va turli hamda murakkab harakatlarni bajarishga moslashgan. Shuning uchun oyoq relefining qo’lga nisbatan o’ziga xos bo’lishida oyoq suyaklari, muskullari ahamiyatga ega. Oyoq dumba, son, boldir va oyoq kaftidan iborat. Dumba sohasining hajmi katta, bo’rtgan. Son hajmi o’rtasidan torayib borgan. Tizza qismi oldinga bo’rtgan, orqa sohasida tizza osti chuqurchasi joylashgan. Boldir soxasining orqa qismi muskul hisobiga bo’rtib, pastga tomon asta kamayib boradi. Oyoq kafti ko’ndalang joylashgan, pastki yuzasi yoy shaklida bo’lgani uchun harakat osonlashadi. Oyoq relefi yosh, jins va odam qomatiga qarab turlicha bo’ladi. Oyoq panjasi kaft oldi, kaft va barmoklardan tashkil topgan. Juda ko’p pishiq boylamlar va ko’plab muskullar paylari bilan yaxlitlashgan kaft oldi suyaklari yuqorida bo’rtib chiqqan gumbaz hosil qiladi. Oyoq panjasi boylamlari va muskulining zaiflashishi Oyoq panjasining yassilanishiga sabab bo’ladi.