Oyat

Oyat (Arabcha — ilohiy belgi, mo’jiza) — Qur’on suralarining bandi. Islomga ko’ra, Oyat Allohning o’z elchisi Muhammad(sav)ga vahiy qilib, bandalarga qo’llanma sifatida yuborgan farmoyishi, mo’jizasi. Qur’onning 7-asrga oid ilk nusxalaridayoq suralar Oyatlarga bo’lingan va har sura doirasida tartib bilan raqamlangan. Oyatlarning ayrimlari qisqa iboradan, ba’zilari bir necha jumladan tashkil topgan. Qur’on Oyatlarining soni 6236 ta ekani ko’proq manbalarda qayd etilgan. Ayrim Oyatlardan masjidlar, Islom mamlakatlaridagi rasmiy idoralar va xususiy uylarning ichki va tashqi bezagi sifatida foydalaniladi. Qabrtoshlarga ham Oyat yozish uchrab turadi. Bir qancha Oyatlar va ularning qismlariga mo’jizakor, sehrli kuch sifatida qaralib, ulardan tumor qilingan; bunday Oyatlar oyat-ul Hafz (himoyalovchi Oyat), oyat-ush shifo (shifo Oyat) deb ataladi.