Oshko’klar

Oshko’klar — taomlarga (ko’k holicha) qo’shiladigan ko’katlar. Oshko’klarga jambil, kashnich, petrushka, Rayhon, ko’k (barra) piyoz, shivit, sarimsoq ko’ki, selderey hamda bahor oylarida yovvoyi o’sadigan yalpiz va boshqalar kiradi. Ular lazzatli taom tayyorlashda zirovarlar kabi muxim ahamiyatga ega. Oshko’klar tarkibida ifori (efirli) moylar, turli vitaminlar mavjud. Oshko’klar qo’shilgan taomlar xushxo’r bo’ladi, yaxshi xazm bo’ladi. Aksariyat Oshko’klar to’g’ralgan holda suyuq oshlarga qo’shiladi, shuningdek, ularning shoxchalari salatlarni bezashda ishlatiladi. Oshko’klardan Rayhon, jambil sho’rvalarga shoxchasi bilan ham solinadi. Ba’zi Oshko’klar (masalan, ukrop, petrushka) bodring va pomidor tuzlashda, sirkalab konserva qilishda ishlatiladi. Soya joyda quritib elaki qilingan Oshko’klar tolqonidan qish faslida ham foydalanish mumkin. O’zbek pazandaligida otquloq, ismaloq, yalpiz, jag’-jag’, momaqaymoq beda, Anzur piyozi, semizo’t kabilarning yangi unib chiqqan barglaridan yog qo’shib (somsa, chuchvara va boshqalar) taomlar tayyorlanadi.