Oshlovchi moddalar

Oshlovchi moddalar — teri va mo’ynani oshlashda ishlatiladigan moddalar. Oshlovchi moddalar mineral va organik turlarga bo’linadi. Xrom, alyuminiy, tsirkoniy, titan, kremniy, temir birikmalari mineral Oshlovchi moddalarga kiradi. Bu birikmalarning ko’pchiligi sulfat kislota tuzlari bo’lib, suvli eritmalar holida ishlatiladi. Xrom birikmalari teri va mo’ynalarning barcha turini oshlashda keng qo’llanadi. Tsirkoniy birikmalari terini chidamli va sirtini silliq qiladi. Organik. Oshlovchi moddalar hayvon, sun’iy va sintetik turlarga bo’linadi. Turli baliqlar va dengiz hayvonlarining yuqori to’yinmagan yog’lari hayvon Oshlovchi moddalariga mansubdir. Ular zamshani oshlashda qo’llanadi. O’simlik Oshlovchi moddalariga kiradigan tannidlar o’simlik organlarida bo’ladi. Turli o’simliklardan olingan tannidlarning tarkibi turlicha, ular gidrolizlanadigan, kondensirlanadigan va aralash xillarga bo’linadi. Tannidlar eritmasini har qanday turdagi terini oshlashda ishlatish mumkin. Sun’iy Oshlovchi moddalar yuqori molekulali moddalar bo’lib, organik xom ashyolarni qayta ishlovchi sanoat chiqindilaridan iborat. Sun’iy Oshlovchi moddalar ishlatish oson bo’lishi uchun kontsentrlanadi, ba’zida esa tozalanadi. Tsellyulozani qayta ishlashda hosil bo’lgan sulfit-tsellyuloza ekstrakti sun’iy Oshlovchi moddalarning yaqqol vakilidir. Bu xil Oshlovchi moddalar teri yarim fabrikatiga tannidlarga qaraganda tez singadi. Sintetik Oshlovchi moddalar yoki sintanlar turli organik birikmalardan olinadigan Oshlovchi moddalardir. Fenol va uning xreilalari, aromatik uglevodorodlar, naftollar, sulfonlar, lignosulfon kislotalar, formalin, mochevina va boshqa sintanlarning asosiy xom ashyosi hisoblanadi. Sintanlarning o’simlik Oshlovchi moddalar bilan birga ishlatiladigan xili ham bor. Yuqori sifatli sintetik Oshlovchi moddalar olinishi natijasida qimmatbaho eman daraxti ekstrakti ishlab chiqarish keskin ravishda kamaydi. Oshlovchi moddalarning turi ko’paydi, xossalari va sifati yaxshilandi va teri ishlab chiqarish jarayoni tezlashdi. Xinon va formaldegid ham oshlash xossasiga ega bo’lgan oddiy organik birikmalardir. Ular tannidlar va xrom birikmalari bilan birgalikda oshlashda ishlatiladi.