Oymyakon yassitog’ligi

Oymyakon yassitog’ligi – Saxa (Yakutiya)dagi yassitog’lik. Sibirning shimoli-sharqida, Indigirka daryosi havzasining yuqori qismida joylashgan. Suntar-Xayata va Taskistabit tizmalari oralig’ida. Relefi parchalangan. Alohida yassitog’lar va tepaliklardan tashkil topgan. Markaziga — Oymyakon botig’iga (700 metr) tomon pasayib boradi. Yassitog’likning o’rtacha balandligi 800-900 metr, eng baland joyi 1802 metr. Asosan, slanes, qumtoshlardan iborat, ular orasida granit intruziyalari uchraydi. Iqlimi keskin kontinental, qishi juda sovuq, yozi salqin. Yanv.ning o’rtacha temperaturasi -50°, iyulniki 8°. Oymyakon botig’i shimoliy yarim sharning sovuq qutbi hisoblanib, mutlaq past temperatura -70°gacha tushadi. Yassitog’likning 1200 metr balandlikkacha bo’lgan qismida siyrak holda tilog’och, pakana kedr, Sibir qoraqarag’ayi o’sadi. Undan yuqorida tog’-tundrasi mavjud.