Oyoqsiz amfibiyalar

Oyoqsiz amfibiyalar (Apoda, Gymnopkiona) — suvda hamda quruqlikda yashovchilar turkumi. Bitta chervyaga oilasi kiradi; 170 tur va 37 urug’ga ajratiladi. Afrika, Osiyo va Amerikaning tropik mintaqalarida tarqalgan. Uzunligi 38-100 santimetr. Gavdaning shakli va tuzilishi tuproqni kovlab hayot kechirishga moslashgan. Gavdasi chuvalchangsimon, oyoqsiz, ko’ndalang halqalarga bo’lingan. Terisi yalang’och, ko’p miqdorda shilimshiq bezlar bilan qoplangan. Boshi tanasidan deyarli ajralmagan, ko’zlari kuchsiz rivojlangan bo’lib, dumi kalta. Nog’ora pardasi va o’rta qulog’i bo’lmaydi, hid bilish va tuyg’u organlari yaxshi rivojlangan. Ko’pchilik turlari nam tuproqlarda, daryo va ko’llar bo’yida, ayrim turlari suvda yashaydi. Gavdasini ilonga o’xshab egib harakatlanadi. Umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi. 5 tadan 30 tagacha tuxum qo’yadi. Bir xillarining tuxumdonidan suvda metamorfoz orqali rivojlanadigan lichinkalar chiqadi. Boshqalarida lichinkaning rivojlanishi tuxum ichida tugallanadi. Suvda yashovchi turlari tirik tug’adi.