Rasmiy nomi — O`zbekiston Respublikasi. Poytaxti — Toshkent shahri. Hududi — 448,9 ming kv.km.
Aholisi — 31022,5 mln (2015-yil 1-yanvar). Davlat tili — o`zbek tili. Dini — islom. Pul birligi — o`zbek so`mi.
Geografik joylashuvi va tabiati. Markaziy Osiyodagi davlat. Shimolda va g`arbda — Qozog`iston (chegaraning uzunligi — 2203 km), janubda — Turkmaniston (1621 km) va Afg`oniston (137 km), janubi sharqda — Tojikiston (1161 km), sharqda Qirg`iziston (1099 km) davlatlari bilan chegaradosh. Chegarasining umumiy uzunligi — 6221 km. O`zbekiston relyefiga ko`ra tekislik va adir-tog` qismlarga bo`linadi. Hududning 4/5 qismini tekisliklar, aksari Turon pasttekisligi ishg`ol qilgan. O`zbekistonning shimoli g`arbida Ustyurt platosi, markaziy qismining sharqida Qizilqum sahrosi joylashgan. Turon pasttekisligi sharqqa tomon davom etib, tog’lar orasiga kirib borgan: shimolda — Mirzacho`l, o`rta qismida — Qarnob cho`li va Qarshi cho`li joylashgan. Bu cho`llar bora-bora tog`oldi qiya tekisliklariga qo`shilib ketadi. Farg`ona, Ohangaron vodiylari, Sangzor-Nurota soyligi, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo soyliklari tog`lar orasida joylashgan tekisliklardir. O`zbekiston hududidagi tog`lar Tyan-Shan va Hisor-Oloy tog` tizmalariga kiradi. Tizmalarning balandligi 4000 m dan ziyod. Hisor tizmasida joylashgan Hazrati Sulton cho`qqisi (4683 m) O`zbekistonning eng baland nuqtasidir.
Asosiy daryolari: Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Chirchiq, Ohangaron.
Yirik ko`llari: Orol dengizi (global ekologik muammo), Aydarko`l.
Tabiiy gaz, neft, qo`ng`ir ko`mir, toshko`mir, oltin, kumush, mis, qalay, molibden, marganes, xrom, volfram, vismut, uran, flyuorit, granit, marmar, ohaktosh, kaolin, topaz, feruza, amitist, tog` xrustali, xalsedon, yashma, nefrit, amazonit, rodonit, marmar oniksi — O`zbekiston qazilma boyliklarini tashkil etadi.
Iqlimi — issiq, quruq, kontinental. Janubi subtropik mintaqaga kiradi. O`zbekiston hududida 120 oilaga kiradigan 3700 ga yaqin turdagi yovvoyi o`simliklar uchraydi. Cho`llarda juzg`un, saksovul, iloq, quyonsuyak, cherkez, qumarchiq, biyurg`un, shuvoq, tuyapaypoq; qolgan hududlarda tog`olcha, yong`oq, pista, archa, zarang, do`lana, tol, terak, omonqora, suvqalampir, bargizub, zira, qizilpoycha, zirk, kiyiko`t va boshqa o`simliklar o`sadi. Yumronqoziq, qumsichqon, qo`shoyoq, bo`ri, tulki, jayron, sayg`oq, bo`rsiq, to`ng`iz, morxo`r, arxar, ayiq, bars, chiyabo`ri, sug`ur, sassiqqo`zan, bir necha tur ilon, kaltakesak, zaharli hasharotlar, burgut, qora tasqara, qumoy, boltayutar, qirg`ovul, kaklik, bedana va boshqa qushlar hayvonot olamini tashkil etadi.
Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — Respublika. Mamlakat tarkibiga 12 viloyat va Qoraqalpog`iston Respublikasi kiradi. O`zbekiston o`z mustaqilligini 1991-yil 31-avgustda e`lon qilgan.
Milliy bayrami — 1-sentabr (Mustaqillik kuni).
Ijro etuvchi hokimiyat — Prezident (davlat boshlig`i) va Vazirlar Mahkamasini boshqaradigan Bosh vazirga tegishli. Qonun chiqaruvchi hokimiyat Senat (yuqori palata) va Qonunchilik palatasi (quyi palata)dan iborat ikki palatali parlament — Oliy Majlisga tegishli. Siyosiy partiyalari: Xalq demokratik partiyasi, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O`zbekiston liberal-demokratik partiyasi.
Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. So`nggi yillarda hukumat tomonidan olib borilayotgan iqtisodiy siyosat bozor islohotlarini chuqurlashtirishga, xususiylashtirish va tadbirkorlikni kengaytirishga, moliyaviy va makroiqtisodiy barqarorlikni ta`minlashga, milliy valyutani mustahkamlashga qaratilgan. Chet el investitsiyalari kirib kelishiga imkoniyatlarning yaratilishi ishlab chiqarishning taraqqiy etishiga turtki bo`ldi. Sanoatning rivojlangan tarmoqlari: rangli metallurgiya, to`qimachilik, yonilg`i, kimyo, oziq-ovqat, qurilish, mashinasozlik, avtomobilsozlik, samolyotsozlik. Paxta, bug`doy, sholi, turli meva va sabzavotlar, poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Chorvachilik rivojlangan. Tola, tabiiy gaz, rangli metallar, kimyo va neft kimyosi mahsulotlari, avtomobil, meva va sabzavotlar, qorako`l terilari eksport qilinadi. 2006-yil YIM miqdori 48514 mln dollarni (aholi jon boshiga — 1800 doll.) tashkil etgan.
Asosiy savdo hamkorlari: MDH davlatlari, Germaniya, Yaponiya, XXR, Janubiy Koreya.
Temiryo`llarining umumiy uzunligi — 7000 km dan oshiq, avtomobil yo`llari — 80 000 km.
Tarixi. Hozirigi O`zbekiston hududida miloddan avvalgi (m.a.) I ming yillikdayoq dastlabki quldorlik davlatlar — Xorazm, Baqtriya, Sug`d, Parfiya vujudga keladi. M.a. VI asrda ahamoniylar O`rta Osiyoning ko`pchilik yerlarida mahalliy aholining qarshiligiga qaramay (Shiroq, To`maris) o`z hokimiyatini o`rnatdi. M.a. 329-327-yillarda makedoniyalik Iskandar bu hududlarni o`z imperiyasi tarkibiga qo`shib oladi. Mahaliy aholining bosqinchilarga qarshi eng yirik qo`zg`oloniga sug`d lashkarboshisi Spitamen bohchilik qiladi. Iskandarning vafotidan so`ng hozirgi O`zbekiston hududlari Salavkiylar davlati tarkibiga kiradi. M. a. 250-yilda Grek- Baqtriya podsholigi tashkil topadi. M.a.II asrda Qang`, Parfiya, Farg`ona davlatlari vujudga keladi. Grek-Baqtriya podsholigi toharlar tomonidan tor-mor etilgandan so`ng Toharlar davlati tashkil topadi. II-IV asrlarda O`rta Osiyo, Afg`oniston, Shimoliy Hindiston hududlarida Kushon podsholigi mavjud bo`lgan. V asrda Eftalitlar davlati, VI asrning o`rtalarida Turk xoqonligi tashkil topadi. VIII asrda O`rta Osiyo Arab xalifaligi tomonidan zabt etiladi. O`rta Osiyo xalqlari arab hukmronligiga qarshi muttasil kurash olib boradi (G`urak, Divashti, Sharik, Muqanna, Rofe` ibn Lays qo`zg`olonlari). Qo`zg`olonlarni bostirishda katta xizmat ko`rsatgan tohiriylar, so`ngra somoniylarga hokimiyat topshirib qo`yiladi. Natijada IX asrning oxirlarida Somoniylar davlati O`rta Osiyo hududlarini mustaqil boshqara boshlaydi. X asr oxiri XI asrlarda O`rta Osiyoda Qoraxoniylar, G`aznaviylar, Saljuqiylar davlatlari mavjud bo`lgan. XII asrda Xorazmshohlar davlati yuksaladi. IX-XII asrlarda O`rta Osiyoda ilm-fan taraqqiyoti yuksak darajaga ko`tariladi. Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud az-Zamaxshariy, Ahmad Farg`oniy, Abu Nasr Forobiy kabi qomusiy olimlar, Najmiddin Kubro, Abduxoliq G`ijduvoniy, Imom al-Buxoriy, Ahmad Yassaviy kabi tasavvuf namoyandalari yetishib chiqdi. 1218-1221-yillarda mo`g`ullar mahalliy aholining qattiq qarshiligiga qaramay (Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik) O`rta Osiyoni bosib oladi. 1238-yili Buxoroda mo`g`ullar istibdodiga qarshi Mahmud Torobiy boshchiligidagi yirik xalq qo`zg`oloni bo`lib o`tatii. 1370-yilda Amir Temur Samarqandda hokimiyatni qo`lga kiritib, yirik markazlashgan davlatga asos soldi. O`ttiz besh yillik hukmronligi davrida Temur katta hududlarni zabt etib, ulkan imperiya tashkil etdi. Temur vafotidan so`ng (1405) Movarounnahrda temuriylar o`rtasida taxt uchun kurash kechadi. 1409-yili Samarqand taxtiga Mirzo Ulug`bek o`tiradi. Temuriylar Movarounnahrda XVI asrgacha hukmronlik qilishadi. Temur va temuriylar hukmronligi davrida Movarounnahrda hunarmandchilik, me`morchilik va adabiyot ravnaq topdi, ilm-fan yuksaldi, savdo rivojlandi. 1500-yili Dashti Qipchoqdan ko`chmanchi o`zbeklar xoni Muhammad Shayboniyxon Samarqandga hujum qiladi. Unga qarshi Samarqand taxti uchun Zahiriddin Bobur kurash olib boradi. Bir necha samarasiz urinishlardan so`ng Bobur Afg`onistonga ketishga majbur bo`ladi va 1525-yili Hindistonga yurish uyushtirib, u yerda Boburiylar imperiyasiga asos soladi. XVI asrda O`rta Osiyoda ikkita xonlik — Buxoro xonligi va Xiva xonligi vujudga keladi. Shayboniylardan Abdullaxon II (1534-1598) uzoq urushlardan so`ng parchalanib ketgan Movarounnahrni birlashtiradi. 1599-yili Movavarounnahrda hokimiyat ashtarxoniylar (1599-1753) sulolasiga o`tadi. 1740-yili Eron shohi Nodirshoh Buxoroni egallaydi va Buxoro 7 yil Eronga tobe bo`ladi. 1753-yili Buxoroda hokimiyat mang`itlar sulolasining birinchi amiri Muhammad Rahim qo`liga o`tadi. XVII asr boshlarida Qo`qon xonligi tashkil topadi. XIX asrning ikkinchi yarmidan Rossiya O`rta Osiyoga bostirib kira boshlaydi. 1873-yilga kelib O`rta Osiyodagi uchta davlat ham Rossiyaga qaram bo`ladi. 1917-yilgi oktabr to`ntarishidan so`ng Qo`qon muxtoriyati tashkil topadi, lekin bolsheviklar tomonidan qurol kuchi bilan tugatiladi. O`tgan asrning 20-yillari yarmigacha bolsheВviklar va milliy ozodlik harakati o`rtasida keskin kurash kechadi. 1924-yilda SSSR tarkibidagi O`zbekiston SSR tashkil topadi. 1991-yil 31-avgustda O`zbekiston o`z mustaqilligini e`lon qiladi.
Manba: www.geografiya.uz
{:}{:kr}Расмий номи – Ўзбекистон Республикаси. Пойтахти – Тошкент шаҳри. Ҳудуди — 448,9 минг кв.км.
Аҳолиси — 31022,5 млн (2015-йил 1-январ). Давлат тили – ўзбек тили. Дини — ислом. Пул бирлиги – ўзбек сўми.
Географик жойлашуви ва табиати. Марказий Осийдаги давлат. Шимолда ва ғарбда – Қоҳоғистон (чегаранинг узунлиги — 2203 км), жанубда — Туркманистон (1621 км) ва Афғонистон (137 км), жануби шарқда — Тожикистон (1161 км), шарқда Қирғизистон (1099 км) давлатлари билан чегарадош. Чегарасининг умумий узунлиги — 6221 км. Ўзбекистон релефига кўра текислик ва адир-тоғ қисмларига бўлинади. Ҳудудининг 4/5 қисмини текисликлар, аксари Турон пасттекислиги ишғол қилган. Ўзбекистоннинг шимоли ғарбида Устюрт платоси Устюрт платоси, марказий қисмининг шарқида Қизилқум саҳроси жойлашган. Турон пасттекислиги шарққа томон давом этиб, тоғлар орасига кириб борган: шимолда – Мирзачўл, ўрта қисмида — Қарноб чўли ва Қарши чўли жойлашган. Бу чўллар бора-бора тоғолди қия текисликларига қўшилиб кетади. Фарғона, Оҳангарон водийлари, Сангзор-Нурота сойлиги, Самарқанд, Қашқадарё ва Сурхондарё сойликлари тоғлар орасида жойлашган текисликлардир. Ўзбекистон ҳудудидаги тоғлар Тян-Шан ва Ҳисор-Олой тоғ тизмаларига киради. Тизмаларнинг баландлиги 4000 м дан зиёд. Ҳисор тизмасида жойлашган Ҳазрати Султон чўққиси (4683 м) Ўзбекистоннинг энг баланд нуқтасидир.
Асосий дарёлари: Амударё, Сирдарё, Зарафшон, Чирчиқ, Оҳангарон.
Йирик кўллари: Орол денгизи (глобал экологик муаммо), Айдаркўл.
Табиий газ, нефт, қўнғир, кўмир, тошкўмир, олтин, кумуш, мис, қалай, молибден, марганес, хром, волфрам, висмут, уран, флюорит, гранит, мармар, оҳактош, каолин, топаз, феруза, амитист, тоғ хрустали, халседон, яшма, нефрит, амазонит, родонит, мармар оникси – Ўзбекистон қазилма бойликларини ташкил этади.
Иқлими – иссиқ, қуруқ, континентал. Жануби субтропик минтақага киради. Ўзбекистон ҳудудида 120 оилага кирадиган 3700 га яқин турдаги ёввойи ўсимликлар учрайди. Чўлларда жузғон, саксовул, илоқ, қуёнсуяк, черкез, қумарчиқ, биюрғон, шувоқ, туяпайпоқ; қолган ҳудудларда тоғолча, ёнғоқ, писта, арча, заранг, дўлана, тол, терак, омонқора, сувқалампир, баргизуб, зира, қизилпойча, зирк, кийикўт ва бошқа ўсимликлар ўсади. Юмронқозиқ, қумсичқон, қўшоёк, бўри, тулки, жайрон, сайғоқ, бўрсиқ, тўнғиз, морхўр, архар, айиқ, барс, чиябўри, суғур, сассиққўзан, бир неча тур илон, калтакесак, заҳарли ҳашаротлар, бургут, қора тасқара, қумой, болтаютар, қирғовул, каклик, бедана ва бошқа қушлар ҳайвонот оламини ташкил этади.
Давлат тузилиши, сиёсий партиялар, Давлат тузилиши – Республика. Мамлакат таркибига 12 вилоят ва Қорақалпоғистон Республикаси киради. Ўзбекистон ўз мустақиллигини 1991-йил 31-августда эълон қилган.
Миллий байрами — 1-сентябр (Мустақиллик куни).
Ижро этувчи ҳокимият — Президент (давлат бошлиғи) ва Вазирлар Маҳкамасини бошқарадиган Бош вазирга тегишли. Қонун чиқарувчи ҳокимият Сенат (юқори палата) ва Қонунчилик палатаси (қуйи палата)дан иборат икки палатали парламент – Олий Мажлисга тегишли. Сиёсий партиялар: Халқ демократик партияси, «Адолат» социал-демократик партияси, «Миллий тикланиш» демократик партияси, Тадбиркорлар ва ишбилармонлар ҳаракати Ўзбекистон либерал-демократик партияси.
Иқтисоди, транспорт коммуникациялари. Сўнгги йилларда ҳукумат томонидан олиб борилаётган иқтисодий сиёсий бозор ислоҳотларини чуқурлаштиришга, хусусийлаштириш ва тадбиркорликни кенгайтиришга, молиявий ва макроиқтисодий барқарорликни таъминлашга, миллий валютани мустаҳкамлашга қаратилган. Чет эл инвестициялари кириб келишига имкониятларни яратилиши ишлаб чиқаришнинг тараққий этишига туртки бўлди. Саноатнинг ривожланган тармоқлари: рангли металлургия, тўқимачилик, ёнилғи, кимё, озиқ-овқат, қурилиш, машинасозлик, автомобилсозлик, самолётсозлик. Пахта, буғдой, шоли, турли мева ва сабзавотлар, полиз маҳсулотлари етиштирилади. Чорвачилик ривожланган. Тола, табиий газ, рангли металлар, кимё ва нефт кимёси маҳсулотлари етиштирилади. Чорвачилик ривожланган. Тола, табиий газ, рангли металлар, кимё ва нефт маҳсулотлари, автомобил, мева ва сабзавотлар, қоракўл терилари экспорт қилинади. 2006-ншд ЯИМ миқдори48514 млн долларни (аҳоли жон бошига — 1800 долл.) ташкил этган.
Асосий савдо ҳамкорлари: МДҲ давлатлари, Германия, Япония, ХХР, Жанубий Корея.
Темирйўлларнинг умумий узунлиги — 7000 км дан ошиқ, автомобил йўллари — 80 000 км.
Тарихи. Ҳозирги Ўзбекистон ҳудудида милоддан аввалги (м.а.) I минг йилликдаёқ дастлабки қулдорлик давлатлар – Хоразм, Бақтрия, Сўғд, Парфия вужудга келади. М.a. VI асрда аҳамонийлар Ўрта Осиётнинг кўпчилик ерларида маҳаллий аҳолининг қаршилигига қарамай (Широқ, Тўмарис) ўз ҳокимиятини ўрнатди. M.a. 329-327-йилларда македониялик Искандар бу худудларни ўз империяси таркибига қўшиб олади. Маҳаллий аҳолининг босқинчиларга қарши энг йирик қўзғолонига сўғд лашкарбошиси Спитамен бошчилик қилади. Искандарнинг вафотидан сўнг ҳозирги Ўзбекистон ҳудудлари Салавкий давлати таркибига киради. M. a. 250-йилда Грек-Бақтрия подшолиги ташкил топади. M.a.II асрда Қанғ, Парфия, Фарғона давлатлари вужудга келади. Грек-Бақтрия подшолиги тоҳарлар томонидан тор-мор этилгандан сўнг Тоҳарлар давлати ташкил топади. II-IV асрларда Ўрта Осиё, Афғонистон, Шимолий Ҳиндистон ҳудудларида Кушон подшолиги мавжуд бўлган. V асрда Эфталийлар давлати, VI асрнинг ўрталарида Турк хоқонлиги ташкил топади. VIII асрда Ўрта Осиё Араб халифалиги томонидан забт этилади. Ўрта Осиё халқлари араб ҳукмронлигига қарши муттасил кураш олиб боради (Ғурак, Дивашти, Шарик, Муқанна, Рофеъ ибн Лайс қўзғолонлари). Қўзғолонларни бостиришда катта хизмат кўрсатган тоҳирийлар, сўнгра сомонийларга ҳокимият топшириб қўйилади. Натижада IX асрнинг охирларида Сомонийлар давлати Ўрта Осиё ҳудудларини мустақил бошқара бошлайди. X аср охири XI асрларда Ўрта Осиёда Қорахонийлар, Ғазнавийлар, Салжуқийлар давлатлари мавжуд бўлган. XII асрда Хоразмшоҳлар давлати юксалади. IX-XII асрларда Ўрта Осиёда илм-фан тараққиёти юксак даражада кўтарилади. Абу Али Ибн Сино, Абу Райҳон Беруний, Маҳмуд аз-Замахшарий, Аҳмад Фарғоний, Абу Наср Форобий каби қомусий олимлар, Нажмиддин Кубро, Абдухолиқ Ғишдувоний, Имом ал-Бухорий, Аҳмад Яссавий каби тасаввуф намояндалари етиишиб чиқди. 1218-1221-йилларда мўғуллар маҳаллий аҳолининг қаттиқ қаршилигига қарамай (Жалолиддин Мангуберди, Темур Малик) Ўрта Осиёни босиб олади. 1238-йили Бухорода мўғуллар истибдодига қарши Маҳмуд Торобий бошчилигидаги йирик халқ қўзғолони бўлиб ўтади. 1370-йилда Амир Темур Самарқандда ҳокимиятни қўлга киритиб, йирик марказлашган давлатга асос солди. Ўттиз беш йиллик ҳукмронлиги даврида Темур катта ҳудудларни забт этиб, улкан империя ташкил этди. Темур вафотидан сўнг (1405) Мовароуннаҳрда темурийлар ўртасида тахт учну кураш кечади. 1409-йили Самарқанд тахтига Мирзо Улуғбек ўтиради. Темурийлар Мовароуннаҳрда XVI асргача ҳукмронлик қилишади. Темур ва темурийлар ҳукмронлиги даврида Мовароуннаҳрда ҳунармандчилик, меъморчилик ва адабиёт рақнақ топди, илм-фан юксалди, савдо ривожланди. 1500-йили Дашти Қипчоқдан кўчманчи ўзбеклар хони Муҳаммад Шайбонийхон Самарқандга ҳужум қилади. Унга қарши Самарқанд тахти учун Заҳириддин Бобур кураш олиб борадию Бир неча самарасиз уринишлардан сўнг Бобур Афғонистонга кетишга мажбур бўлади ва 1525-йили Ҳиндистонга юриш уюштириб, у ерда Бобурийлар империясига асос солади. XVI асрда Ўрта Осиёда иккита хонлик – Бухоро хонлиги ва Хива хонлиги вужудга келади. Шайбонийлардан, Абдуллахон II (1534-1598) узоқ урушлардан сўнг парчаланиб кетан. Мовароуннаҳрни бирлаштиради. 1599-йили Мовароуннаҳрда ҳокимият аштархонийлар (1599-1753) сулоласига ўтади. 1740-йили Эрон шоҳи Нодиршоҳ Бухорони эгаллайди ва Бухоро 7 йил Эронга тобе бўлади. 1753-йили Бухорода ҳокимият манғитлар сулоласининг биринчи амири Муҳаммад Раҳим қўлига ўтади. XVII аср бошларида Қўқон хонлиги ташкил топади. XIX асрнинг иккинчи ярмидан Россия Ўрта Осиёга бостириб кира бошлайди. 1873-йилга келиб Ўрта Осиёдаги учта давлат ҳам Россияга қарам бўлади. 1917-йилги октябр тўнтаришидан сўнг Қўқон мухторияти ташкил топади, лекин болшевиклар томонидан қурол кучи билан тугатилади. Ўтган асрнинг 30-йиллари ярмигача болшевиклар ва миллий озодлик ҳаракати ўртасида кескин кечади. 1924-йилда СССР таркибидаги Ўзбекистон ССР ташкил топади. 1991-йил 31-августда Ўзбекистон ўз мустақиллигини эълон қилади.
Манба: www.geografiya.uz
{:}





