O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLIGI

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLIGI — shaxs bilan O’zbekiston Respublikasining doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilovchi holat; bu aloqa ularning o’zaro huquqlari va burchlarida ifodalanadi. O’zbekiston respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo’lgan shaxslar O’zbekiston fuqarolari hisoblanadi. O’zbekiston fuqarolari bir vaqtning o’zida boshqa mamlakatlarning fuqarolari bo’lishi mumkin emas. Fuqarolikka ega bo’lish va uni yo’qotish asoslari hamda tartibi ―O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi to’g’risidagi qonun (1992-yil 2-iyul)da belgilab berilgan. Ushbu qonunga ko’ra, O’zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan, shuningdek, davlat yo’llanmasi bilan O’zbekiston Respublikasidan tashqarida ishlayotgan, harbiy xizmatni o’tayotgan yoki o’qiyotgan shaxslar O’zbekiston Respublikasining fuqarolari bo’ladilar. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar ham O’zbekiston respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishi mumkin. Qonunda O’zbekiston respublikasi fuqaroligiga qabul qilish shartlari, O’zbekiston respublikasi fuqaroligining to’xtalishi va yo’qotilishi hollari ko’rsatib o’tilgan. O’zbekiston respublikasi fuqaroligi to’g’risidagi ishlarni O’zbekiston Respublikasining Prezidenti, O’zbekiston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi, O’zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi, O’zbekiston Respublikasining diplomatiya vakolatxonalari va konsullik muassasalari yuritadi. O’zbekiston Respublikasi o’z hududida ham, uning tashqarisida ham o’z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko’rsatishni kafolatlaydi, ularning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qiladi.