O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI IQTISODIY FAOLIYAT MILLIY BANKI
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI IQTISODIY FAOLIYAT MILLIY BANKI, O’zmilliy bank — yirik kreditmoliya muassasasi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991 yil 7 sentyabrdagi Farmoniga ko’ra tashkil etilgan. Bosh idorasi Toshkent shahrida. Muassisi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi. Bank O’zbekiston Respublikasi Hukumatining xalqaro moliya bozorlaridagi agenti hisoblanadi. Respublikaning barcha viloyat markazlarida va Qoraqalpog’istonda viloyat bo’limlari bor. Markaziy operatsiya bo’limi, Toshkent shahar (poytaxt) va viloyat bo’limlari Toshkent shahrida joylashgan. Bank loyihalarni moliyalash, universal tijorat, investitsiyalarni yo’naltiruvchi va chakana bank vazifalarini bajaradi. 1993-2004 yillar davomida bank jalb etilgan va o’ziga tegishli resurslar hisobidan umumiy qiymati 7 milliard AQSh dollari bo’lgan 170 dan ziyod investitsiya loyihalarini moliyalashtirdi. Bu loyihalar milliy iqtisodiyotning energiya resurslari, nodir metallar qazib olish va qayta ishlash, qishloq xo’jalik, to’qimachilik va kime sanoati, transport, aloqa, sayyohlik infratuzilmasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish sohalarida amalga oshirilmoqda. Bank faoliyatida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb etish ustuvor yo’nalishlardan biri hisoblanadi. Bank tomonidan bir qancha xalqaro kredit- muassasalarining kredit yo’nalishlari doirasida umumiy qiymati 443 million AQSh dollari bo’lgan 140 dan ortiq kichik biznes investitsiya loyihalari moliyalanmoqda (2005). Jahonning 67 mamlakatidagi qariyb 600 ta xorijiy bank bilan vakillik munosabatlari o’rnatgan. Bankning respublikaning barcha mintaqalarida joylashgan 96 bo’limi va filiallari korporativ hamda chakana mijozlarga zamonaviy bank xizmatlari ko’rsatadi. 2004 yilda 600 mingdan ko’proq mijozlarga xizmat ko’rsatdi. Bankning e’lon qilingan kapitali hajmi ekvivalentda 485 million AQSh dollari, jamlanma balansi 292 million AQSh dollari (2005, 1 yanvar), kredit portfelining 73,5%ni uzoq muddatli kreditlar tashkil etadi. 2000-2004 yillarda jamlanma balansi so’m ekvivalentida 3,5 baravar o’sdi. Bank respublikadagi bir kancha ijtimoiy jamg’armalarga doimiy asosda moddiy yordam ko’rsatadi, ijtimoiy-madaniy tadbirlarga homiylik qiladi. Bank O’zbekiston tasviriy san’at galereyasini moliyalaydigan asosiy muassasa (galereyadagi 300 dan ortiq tasviriy san’at asarlari, noyob qadimiy va o’rta asr tangalari bankning kollektsiyasidir). Ravshan G’ulomov.