O’ZBEKISTON SOG’LIQNI SAQLASH MUZEYI

O’ZBEKISTON SOG’LIQNI SAQLASH MUZEYI — tibbiyot tarixi muzeyi. 1973 yil Toshkentda tashkil etilgan. 1984 yildan Q.S.Zoirov nomidagi O’zbekiston sog’liqni saqlash muzeyi deb yuritiladi. Tibbiyot va gigiena bilimlari hamda sog’liqni saqlash sohasida erishilgan muvaffaqiyatlarni targ’ib etadi. O’zbekiston tibbiyot tarixi bilan tanishtiradi. Muzey ekspozitsiyasi bir necha bo’lim: odam anatomiyasi, fiziologiyasi, gigienasi, O’zbekiston tibbiyot tarixi bo’limidan iborat. Muzeyda Abu Ali ibn Sino yashab o’tgan 10-11-asrlardagi tibbiyot tarixiga oid manbalar ko’p. Buyuk hakimga bag’ishlangan memorial zalda tabibning koshinkor siymosi, 5 jildli «Tib qonunlari» asari, unda tasvirlangan jarrohlik asboblari, uning xotirasiga Hamadonda tiklangan maqbara maketi saqlanadi. Muzey fondidagi «shisha odam» me’da-ichak yo’li, o’pka, yurak, kichik va katta qon aylanish doirasining elektrlashtirilgan maketi, mulyajlar, rasmlar, fotosuratlar inson organizmi faoliyatidagi eng muhim jarayonlarni tushunib olishga yordam beradi. Shuningdek, taniqli tibbiyot olimlarining ilmiy asarlari, ichki a’zolarning rentgen suratlari, tibbiyotga oid plakatlar hamda mustaqillik davrida tibbiyot sohasida erishilgan muvaffaqiyatlar bilan tanishtiradi. Muzeyda kinolektoriy mavjud. Tibbiyot tarixi, ilmiy tibbiyot, kasalliklarning kelib chiqish sabablari, davolash usullari, ichish, chekish, giyohvandlikning oqibatlari va oddini olish, sog’lom turmush tarzi to’g’risida vaqt-vaqti bilan suhbatlar o’tkaziladi. Alkogolizm, chekish, narkomaniya va SPID to’g’risida film-slayd bor.