O’ZGARUVCHANLIK
O’ZGARUVCHANLIK — tirik organizmlar hamda viruslar belgi va xususiyatlarining xilma-xil bo’lishi. “O’zgaruvchanlik” termini organizmlarning yangi belgi va xususiyatlar hosil qilishi yoki eski belgi va xususiyatlarni yo’qotishini ham ifodalaydi. O’zgaruvchanlik irsiyatga qarama-qarshi ma’noni anglatadi. Tabiiy sharoitda paydo bo’ladigan O’zgaruvchanlik tabiiy, ya’ni spontan, eksperimentda hosil qilinadigan O’zgaruvchanlik sun’iy, ya’ni indusirlangan O’zgaruvchanlik deyiladi. O’zgaruvchanlik manbai genetic materialning kombinasiyasi yoki rekombintasiyasi, gen yoki xromosoma tarkibining o’zgarishi, atrof muhit sharoitining ta’siri bo’lishi mumkin. Tabiatiga ko’ra, O’zgaruvchanlik genotipik, ya’ni irsiy va fenotipik, ya’ni noirsiy shakllarga ajratiladi. Genotipik O’zgaruvchanlik — organizmlar belgi va xususiyatlarining genotip bilan bog’liq bo’lgan, avlodlarda saqlanib qoladigan (Ch.Darvinga ko’ra, aniq bo’lmagan) O’zgaruvchanlik, ya’ni belgilarning keskin o’zgarishi — mutatsiya (mutasion O’zgaruvchanlik) yoki organizmlarni duragaylashda belgilarning Kombinatsiyalanishi (kombinasion O’zgaruvchanlik) tufayli kelib chiqadi. Fenotipik O’zgaruvchanlikda genotip o’zgarmaydi. Organizmning individual rivojlanishi davomida uning yoshi (qarishi) bilan birga barcha morfofiziologik va biokimyoviy belgilarining o’zgarishi (ontogenetik, ya’ni yosh bilan bog’liq O’zgaruvchanlik) bunga misol bo’la oladi. O’zgaruvchanlikning boshqa bir xili modifikatsion O’zgaruvchanlik (modifikatsiya) ni bitta turga mansub, genetik jihatdan bir xil, lekin har xil sharoitda yashaydigan va organizmdan mikdor va sifat jihatdan farq qiladigan individlarda ko’rish mumkin. Modifikatsion O’zgaruvchanlik (Ch.Darvinga ko’ra, aniq bo’lgan O’zgaruvchanlik) muayyan belgilarning muayyan yo’nalishda o’zgarishi orqali yuzaga chiqadi va ommaviy xususiyatga ega bo’ladi. Har xil fizik va kimyoviy omillar ta’sirida yuzaga keladigan modifikatsion O’zgaruvchanlik morfozlar deyiladi. Muayyan genlar mutasiyasi bilan bog’liq bo’lgan morfozlar fenokopiyapar deb ataladi. Fenotipik O’zgaruvchanlikni organizmlardagi belgilar va xususiyatlar bilan emas, balki ular rivojlanish imkoniyatining irsiylanishi asosida tushuntirish mumkin. Shu sababdan Genotipning fenotipda ro’yobga chiqishi uchun muayyan sharoit bo’lishi lozim. Masalan, o’simlik rangining yashil bo’lishi uchun xlorofill sintezlanishini nazorat qiluvchi gen bilan birga yoruglik ham zarur. Muhit sharoiti ta’sirida paydo bo’ladigan O’zgaruvchanlik darajasi ham ko’p jihatdan irsiyatga bog’liq, chunki genotip har bir belgiga nisbatan organizm reaktsiyasi normasini belgilab beradi. Irsiy va noirsiy O’zgaruvchanlik organizmlarning individual sifat va miqdoriy, mustaqil va korrelyativ (o’zaro bog’langan), adaptiv (moslanishli) va noadaptiv hamda boshqa belgilarining xilma-xilligini belgilab beradi. Evolyutsiya jarayonida O’zgaruvchanlikning turli shakllari bir xilda ahamiyatga ega bo’lmaydi. Irsiy O’zgaruvchanlik organik evolyutsiyaning asosi va selektsiya uchun material manbai hisoblanadi. Noirsiy O’zgaruvchanlik organizmlarni muhitning o’zgarib turadigan sharoitiga moslanishini ta’minlaydi. Matematik statistika va solishtirma-tavsifiy metodlar — O’zgaruvchanlikni o’rganishning asosiy metodlari. Ad.: Grin A., Staut B., Teylor S ., Biologiya. Per.s angliyskogo, M., 1991; Mavlonov O., Biologiya, T., 2003.