Plafon

Plafon (Fransuzcha plafond — Shift) — 1) tasvir, naqsh va bo’rtma tasvir bilan bezatilgan shift; 2) bino shifti (yassi, gumbaz, toqi)ni syujetli yoki naqsh va tasvir bilan bezatgan monumental rang-tasvir va haykaltaroshlik asari. Tasvir to’g’ridan-to’g’ri suvoqqa (freska, moybo’yoq, yelimbo’yoq, sintetik bo’yoqlar va boshqalar usulida), shiftga mustahkamlangan matoga (panno) ishlanadi, mozaika va boshqa usulda bajariladi. Plafon Qadimgi Misrdan ma’lum bo’lgan, Uyg’onish davrida rassomlar Rafael, Mikelanjelo va boshqalar uning mumtoz namunalarini yaratgan. Cherkov va hashamatli saroy binolarining bezak bo’lagi sifatida 17-19-asr boshlari Yevropa san’atida keng tarqalgan; 3) bino, kupe, kayuta, samolyot saloni shifti (ba’zan devori)ga o’rnatilgan elektr chirog’i armaturasi.