PREZIDENTLIK BOSHQARUVI

PREZIDENTLIK BOSHQARUVI — favqulodda holatlar joriy etilganda davlat boshqaruvida qo’llaniladigan vaqtinchalik boshqaruv shakli. U, asosan, federativ tuzilishdagi davlat boshqaruvi (masalan, AQSH, Hindiston)da qo’llaniladi. Sub‘ektlar federal konstitutsiya yoki qonunlarni, hukumatning qonuniy talablarini buzganda, inson huquqlari poymol etilganda, jiddiy tartibsizliklar ro’y berganda, federativ davlatning yagonaligiga xavf solinganda, kuchli zilzila, suv toshqinlari va sh.k.da amalga oshiriladi. Prezidentlik boshqaruvi davlat boshlig’ining maxsus farmoni (dekreti) bilan e‘lon qilinadi. Prezidentlik boshqaruvi paytida tegishli davlat hokimiyati va boshqaruv organlari vakolatlari to’xtatiladi, ularning vazifasini bajarish prezident tuzadigan organ yoki prezident tayinlagan mansabdor shaxs zimmasiga yuklanadi.