Pushtunlar, pushtular
Pushtunlar, pushtular — 1) Afg’onistondan tashqarida (asosan, Pokistonda) yashovchi afg’onlarning etnik nomi (ilgarigi nomi — patanlar). Umumiy soni — 14 millionga yaqin (2002). Pushtu tilida so’zlashadi. Dindorlari — asosan, sunniy musulmonlar, oz qismi shialar. Pushtunlarda qabila va xellarga (qabiladan kichik, to urug’gacha bo’lgan birlik) bo’linish saqlangan. Eng yirik qabilalar: Xaybar dovoni atrofida afridiylar, momandlar, orakzoylar; Peshovar shimolda yusufzoylar, Janub va g’arbida bangashlar, xattaklar, so’ngra Vazirlar; shimol Balujistonda — kakarlar yashaydi va boshqalar. Asosiy mashg’uloti — dehqonchilik, yaylov chorvachiligi; bir qismi ko’chmanchilar. Pushtunlar boy folklorga ega, turli raqs va ashulalari mavjud. Pushtu tilida adabiyot rivojlanmoqda. Pushtunlar tarixi 20-asrgacha afg’onlar tarixi bilan uzviy bog’liq; 2) afg’onlar o’zlarini Pushtunlar deb atashadi.