Pezoelektr

Pezoelektr (Yunoncha piero — bosaman, qisaman va elektr), pezoelektr effekt — ba’zi dielektriklarning mexanik kuchlanishlar ta’sirida qutblanishi (to’g’ri pezoelektr effekt) va elektr maydon ta’sirida mexanik deformatsiyalanishi (teskari pezoelektr effekt) hodisasining yuzaga kelishi. To’g’ri va teskari pezoelektr effektlar faqat pezoelektriklarda mavjud. Pezoelektr effektlar simmetriya markaziga ega bo’lmagan kristallarda kuzatiladi. Pezoelektrni 1817 yilda frantsuz kristallografi va minerologi R. J. Gayui (1743-1822) kaltsit kristallarida kuzatgan. Pezoelektrni har taraflama 1880 yilda aka-uka J. va P. Kyurilar kvars kristallida kuzatganlar. 1500 dan ortiq moddada pezoelektr hodisasi kuzatilgan; ular ichida kvars (pezokvars)dan tashqari segnet tuzi, bariy titanat, ammoniy Digidrofosfat, litiy niobat va boshqalar ham keng qo’llaniladi. Ko’pincha yana maxsus texnologiya bo’yicha olingan ba’zi segnetoelektriklarning qattiq eritmalari — pezokeramikalardan ham foydalaniladi. Pezoelektriklar radiotexnika, akustika, radiofizika va boshqa sohalarda keng qo’llaniladi.