Qadimgi Hindiston teatrida spektakllar qancha davom etgan?

Teatrlashtirilgan tomoshalar qadimgi Hindistonda miloddan avvalgi ikkinchi mingyillik boshlaridayoq vujudga kelgan edi. Qizig’i shundaki, ularning asosiy janrlari bizga qadar deyarli o’zgarmagan holda yetib kelgan. An’anaviy hind teatrida ikki asosiy janr — lila va yakshagana mavjud. Shakl jihatidan lila musiqali-raqsli dramaga ancha yaqin, uning tomoshalari «Mahobhorat» va «Ramayana» epik rivoyatlaridan olingan matnlar asosida uyushtirilgan. Buningdek mahobatli spektakllar ba’zi paytlarda oylarcha davom etgan. Lila teatrida hech qanday dekoratsiya bo’lmagan. Tomoshabinlar ko’z o’ngida faqat yorqin liboslar va maxsus niqoblar kiygan aktyorlargina namoyon bo’lishardi. Har libosni bezash qat’iy tartibga asoslangan, barcha unsurlar o’z ahamiyatiga molik edi. Aktyor pyesalar mazmunini nafaqat so’zlar bilan, qolaversa imo-ishoralar yordamida ham anglatgani maroqlidir. Qo’llarning ma’lum holati muayyan tuyg’ularga mos kelardi. Hindiston janubida teatr tomoshasining boshqa bir shakli-yakshagana shakllanadi. Ikir-chikirigicha ishlab chiqilgan imo ishoralar tizimi unga ham xosdir. Ammo aktyor niqob kiymasdi, u o’z tuyg’ularini mimika yordamida ifodalishi ham mumkin edi. Yakshagana ishtirokchilaridan har biri shaxsiy nutq maromiga, alohida imo-ishoralarga va hattoki raftorga ega bo’lgan. Kishilar holati va qiliqlarining ramziy tarzda ifodalanishi esa qadimgy Hindiston teatrining o’ziga xosligi sanaladi. Muayyan bir spektaklni tushunish uchun shartli belgilar tizimini, ya’ni aktyorlar imo-ishoralari va xatti-harakatlarini o’rganish kerak edi.