Qadimgi misrliklar fayansni nimalardan yasashgan?

Bugungi kunda zamonamiz fan va texnikasi o’tmishdagi sivilizasiya yutuqlarini ancha ortda qoldirib ketganligini inkor qiladigan bironta odam topilarmikin. Biroq o’sha qadim zamonlardagi mohir zotlar yaratgan ayrim narsalarniyag sir-asrorlari bizning nazdimizda hali ham jumboqligicha qolib kelayapti. Yaqin-yaqinlarga qadar qadimgi Misr fayansi — ibtidoiy shakldagi shishasimon kulolchilik-keramika buyumlarining tarkibi ana shunday muammolardan biri edi. Uning yoshi 7 ming yildan ziyod davrni o’z ichiga oladi. Olis zamonlarda misrlik hunarmandlar yaratgan nafis fayans buyumlari: haykalchalar, patnislar, ornamentlar tadqiqotchilarning hayrat va zavq-shavqiga sazovor bo’lib keldi, biroq ularning tayyorlanish sirlari mag’zini esa chaqa olmas edilar. Bu kulolchilik buyumlarining asosiy xom-ashyosi nima ekanligini Nyu-Yorklik professor Noblu aniqlashga muyassar bo’ldi. U ko’llarning tubida uchraydigan kimyoviy birikma — natron bo’lib chiqdi. Darvoqe, undan mo’miyolangan tanalarni asrash uchun ham foydalanilgan ekan. Noblu, shuningdek, qadimgi fayansni ishlab chiqarish va uni tayyorlash texnologiyasini tiklashga muvaffaq bo’ldi. Misr fayansi — shishasimon jilolantirilgan buyumlardir. Ularning tarkibida loy umuman uchramaydi. Bu xususiyat esa uni fayanslarning fransuzcha, ingliz, gollandcha xillaridan alohida ajratib turadi. Bu mamlakatlarning fayansi asosan loy kulolchiligidan iborat bo’lib, ularga silliqlik va oro bag’ishlash uchun ustiga qalayi oksidi ham yuritilgan. Misr fayansining sirtqi jilodorligi esa talqonlangan kvartsning natron bilan aralashmasini surish orqali vujudga keltirilgan. Suvda eritilgan karbonat angidrid tuzi quritilgach, yuqoriga qalqib chiqadi va kukun tarzida qotadi. Olovda toblash davom ettirilgach (deyarli 1000 darajada), yuqori harorat ta’sirida kukun qatlami kvartsni eritadi. Natijada buyumning sirtida bir tekis jilodorlikka erishiladi. Misrliklar xilma xil rangdagi fayansni olish uchun oksidlanish tarkibiga turli metallardan aralashmalar qilishgan: ko’k rang hosil qilish uchun — mis, sariq rang uchun — temir, qizil rang uchun — marganes, yashil rang uchun — mis va temir qorishmasini ishlatishgan.