Qadimgi turkiy tillar

Qadimgi turkiy tillar — turli turkiy xalqlar yozma yodgorliklarida saqlangan, lekin hoz. kunda aloqaaralashuv vazifasini yo’qotgan tillarni bildiruvchi shartli atama. Bu tillar amal qilgan vaqt chegarasi ancha katta davrni qamrab oladi. Qadimgi turkiy tillarning eng qadimiysi urxunenisey (turkrunik) yodgorliklari tili bo’lib, uning adabiy varianti 7-9-asrlarga to’g’ri keladi. Runik bitiklar Sharqda Lena daryosidan G’arbda Dunay daryosigacha bo’lgan ulkan hududdan topilgan. Eng yirik bitiklar Urxun va Yenisey daryolari havzalarida aniqlangan. Urxun bitiklari dastlab 1893 yilda V.Tomsen va V.V.Radlovshr tomonidan O’qilgan. Umumiy runik tilning shakllanishiga o’g’uz qabilalarining tili asos bo’lgan. Adabiy til sifatida runik tildan turli qabila-urug’lar va ijtimoiy tabaqalar foydalangani tufayli ma’lum darajada vazifaviy-uslubiy va mintaqaviy variantdorlikka, muayyan ishlanganlik, me’yoriylikka ega bo’lgan. Uyg’urlar 9-asrda Turfon (Sharqiy Turkiston) hududiga ko’chib kelganlaridan keyin o’z adabiy tilini yaratganlar. Uning asosini barcha turkiy qabilalar uchun umumiy bo’lgan va uyg’urlar ham foydalanib kelgan runik til tashkil etadi. Unga hozirgi uyg’ur tiliga yaqin bo’lgan Turfon shahri shevasi elementlari qo’shilib, uyg’ur yozma manbalarida «turk uyg’ur tili» deb ataladigan strukturaralash til paydo bo’lgan. Uyg’urlar runik alifbodan tashqari, Sug’d va shu asosda yaratilgan uyg’ur yozuvidan, Moniy (Manixey) va brahmi yozuvlaridan foydalanganlar. V.V.Radlov qadimiy uyg’ur adabiy tili 8— 9-asrlar oralig’ida to’liq shakllangan va keyinchalik ibodatxonalarda o’zgarishsiz qo’llanib kelgan, deb hisoblaydi. S.E. Malovning topilmalari esa uyg’ur yozuvi 19-asr boshlarigacha ganchjou uyg’urlari orasida ishlatib kelinganini tasdiqlaydi. Qadimgi turkiyzabon elatlarga yaxshi ma’lum bo’lgan qadimgi uyg’ur tili bir qancha adabiy tillarni shakllantirishda asos vazifasini o’tagan. Masalan, 11 —12-asrlarda uning ta’siri ostida qoraxoniylarning musulmon davlatida (markazi Qashg’ar shahri) shu davlatning «qoraxoniyuyg’ur tili» deb ataluvchi o’z adabiy tili shakllangan. Ushbu tilning uyg’ur asosi yana shunda ko’rinadiki, ba’zi asarlarni yaratishda Arab alifbosi bilan bir qatorda uyg’ur alifbosidan ham foydalanilgan. «Qoraxoniyuyg’ur» atamasi unchalik to’g’ri emas; o’rta asr mualliflari boshqacha nomlardan foydalanganlar: Yusuf xos Hojib uni «Bug’ro xon tili», Mahmud Koshg’ariy «Xoqoniy tili», Ahmad Yugnakiy esa «Koshg’ariy til» deb atagan. 13-14-asrlarda Sirdaryoning quyi oqimida joylashgan hududda (Xorazm bilan birga) va Oltin O’rda hududida Sharq manbalarida xorazmiy-turkiy deb ataluvchi adabiy til paydo bo’ladi. Xorazmning 11 —12-asrlardagi adabiy va ilmiy hayotida faol qatnashgan o’g’uz va qipchoq qabilalarining tillari mazkur adabiy tilning asosini tashkil etadi. Ushbu davrdagi asarlarning an’anaviy o’g’uz-uyg’ur qismi Qoraxoniylar davridagi tilning barcha unsurlarini to’liq aks ettira olmaydi. Unga qipchoq tillariga xos ko’plab yangi unsurlar qo’shilgan. Garchi bunda uyg’ur tilining hissasi katta bo’lmasa ham, o’sha davr yodgorliklarida uning ta’siri grafikada saqlanib qolgan: bir qancha yodgorliklar uyg’ur alifbosida yozilgan edi. O’rta asr turkiy adabiy tillari tarixidagi eng katta va ahamiyatli davr eski o’zbek tili (ba’zi adabiyotlarda, manbalarda «Chig’atoy tili» deb noto’g’ri ataladi) davridir. Yuqorida sanab o’tilganlardan tashqari boshqa geografik mintaqalar: Kavkazorti, G’arbiy Osiyo, Volgabo’yi, Misrda tarqalgan Qadimgi turkiy tillar ham ma’lum. Ushbu tillar o’zaro biron-bir yagona an’ana bilan bog’lanmagan va ularning ta’sir doirasi ham Markaziy va O’rta Osiyodagi til guruhlariniki singari keng emas. Bular quyidagilardir: G’arbiy Osiyo va Kavkazortida 13-14-asrlarda Arab grafikasida yaratilgan Saljuq yodgorliklari tili (Janubiy o’g’uz guruhiga mansub hozirgi tillarga yaqin); Misr va Suriyada 13-14-asrlarda Arab grafikasida yaratilgan qipchoq yodgorliklari tili («mamlukqipchoq» deb ham ataluvchi bu til shimoliy qipchoq guruhiga mansub hozirgi tillar bilan umumiy belgilarga ega); Volgabo’yida 13— 14-asrlarda Arab grafikasida bitilgan qabrtosh yozuvlari tili («bulg’or tili» deb ham ataluvchi bu til an’anaviy tarzda hoz. chuvash tiliga yaqin deb hisoblanadi). Turkiy tillardagi qadimiy yodgorliklar ichida adabiy tilni emas, balki so’zlashuv, sheva tillarini ifodalovchi yodgorliklar ham bor: lotin grafikasida bitilgan qipchoq tili yodgorligi «Soyex Siptashsiz» (13-14-asrlar) va arman yozuvida qipchoq tilida bitilgan qozilik hujjatlari (Kamenespodolsk, 15-17-asrlar). Shunday qilib, Qadimgi turkiy tillar 2 xil: adabiy va og’zakiso’zlashuv (dialektal) tillarni o’z ichiga oladi. Adabiy tillar, o’z navbatida, 2 ga: keng makonda tarqalgan va uzoq vaqt amalda bo’lgan tillar (Markaziy va O’rta Osiyoda) hamda kichik hududlarda tarqalib, o’zaro yagona an’ana bilan bog’liq bo’lmagan tillarga bo’linadi. Og’zaki so’zlashuv va dialektal turdagi tillarda yaratilgan yodgorliklarga qaraganda adabiy Qadimgi turkiy tillarda yaratilgan yozma yodgorliklar miqdori anchagina ko’p. Bu nomutanosiblik, birinchidan, turkiy elat va xalqlardagi tarixiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlarning jadalligi bilan bog’liq bo’lsa, ikkinchidan, turkiy xalklar davlat tuzilmalarining rivojlanish darajasi hamda ularning yuksak darajadagi kitobiy savodxonligi bilan bog’liqdir. Ad.: Malov S.E., Pamyatniki drevne- tyurkskoy pismennosti, M. — L., 1951; Nasilov V.M., Yazik orxonoeniseyskix pamyatnikov, M., 1960; Gtserbak A.M., Grammatika starouzbekskogo yazmka, M.L., 1962; Borovkov A.K., Leksika sredneaziatskogo tefsira XII—XSH vv., M., 1963; Faznlov E.I., Starouzbekskiy yazj. Xorezmiyskie pamyatniki XIV veka, t. 12, T., 196671; Baskakov N.A., Vvedenie v izuchenie tyurkskix yazmkov, 2izd., M., 1969; Kononov A.N., Istoriya izucheniya tyurkskix Yazikov v Rossii, L., 1972; Abdurahmonov G’., Shukurov Sh., O’zbek tilining tari- xiy grammatikasi, T., 1973; Tursunov U., O’rinboev B., O’zbek adabiy tili tarixi, T., 1982; Abdurahmonov G’., Rustamov A., Qadimgi turkiytil, T., 1982; Qo’chqortoev I., Isabekov B., Turkiy filologiyaga kirish, T., 1984. Abduvahob Madvaliyev.