QARSHILIK KO’RSATISH HARAKATI

QARSHILIK KO’RSATISH HARAKATI — ikkinchi jahon urushi davrida Germaniya, Italiya, Yaponiya bosqinchilariga, ularning ittifoqchilari va mahalliy sotqin agentlariga qarshi antifashistik milliy ozodlik harakati. Qarshilik ko’rsatish harakati fashistlarga qarshi tashviqot-targ’ibot, ish tashlash, bosqinchilar ma‘muriyatiga xizmat qiluvchi xodimlar, Vatan xoinlarini o’ldirish, partizanlik kurashi va umumxalq qurolli qo’zg’olonlari shaklida olib borilib, Yugaslaviya, Fransiya, Italiya, Polsha, Chexoslovakiya, Gretsiya, Albaniya, Xitoy, Vetnam, Koreya, Indoneziya, Filippin, Birma va boshqalar mamlakatlarda keng tus olgan. O’zbekistonlik ko’plab jangchilar Markaziy va G’arbiy Yevropa mamlakatlaridagi Qarshilik ko’rsatish harakati saflarida faol qatnashganlar. Yugaslaviya va unga yaqin hududlarda 260 nafar o’zbekistonlik fashizmga qarshi janglarda ishtirok etgan. Fashizmga qarshi umumxalq kurashiga qo’shilgan R.Rahimov, N.Amirov, H.Jabborov, H.Ismoilov (Fransiya), A.Mamajonov, T.Qo’chqorov, Sh.Samatov, O.Berdiev (Italiya) kabilarning qahramonliklari unutilmaydi. Qarshilik ko’rsatish harakatining fashistlar blokini tor-mor keltirishdagi ahamiyati katta bo’ldi. Bu harakat an‘analaridan jahon xalqlari yer yuzida tinchlikni saqlab qolish uchun unumli foydalanmoqdalar.