Qasida

Qasida (Arabcha — ko’zlamoq, niyat qilmoq) — Sharq mumtoz adabiyotidagi she’riy janrlardan biri. Qasida biror shaxsning (ko’pincha hukmdorning) madhiga bag’ishlangan. Qasida uchun ko’tarinki, tantanavor ohang xos. Hajmi 20 baytdan 200 baytgacha bo’lishi mumkin. G’azalga o’xshab qofiyalanadi (AA, ba, va, …). Kompozitsiyasi g’azalga nisbatan murakkab bo’lib, nasib (yoki tashbib) deb ataluvchi lirik muqaddima, gurezgoh (qochish joyi; nasibdan asosiy qism — madhga o’tish vazifasini bajaruvchi bayt yoki baytlar), madh (maqtov) va mamduh (maqtalayotgan shaxs) haqidagi duo va matlabni o’z ichiga oluvchi xulosa qismlardan iborat. Qasida mazmuniga ko’ra, Qasidai. bahoriya, Qasidai Ishqiya, Qasidai holiya (o’z ahvolidan shikoyat tarzida), Qasidai hamriya (may bilan bog’liqtasvir), Qasidai hazoniya (kuz tasviri), Qasidai faxriya (shoirning o’z iste’dodidan faxrlanishi), Qasidai hajviya tipida bo’lishi mumkin. 11-12-asrlardan uning mazmun va mavzu doirasi kengayib, falsafiy, axloqiy, ijtimoiy Qasidalar ham yozilgan (masalan, Unsuriy, Anvariy, Xoqoniy Qasidalari). O’zbek mumtoz Qasidalari Arab va fors qasidachiligi zaminida yuzaga kelgan, uning ilk namunalari «Devonu lug’otit turk»yaa uchraydi. 15-asrda Sakkokiy, Lutfiy, Gadoiy, Amiriylar ijodida Qasida o’zining yuqori bosqichiga ko’tarilgan. Ayniqsa, Sakkokiy yaratgan Qasidalar alohida ajralib turadi. Uning devonida 10 ta Qasida bo’lib, undan 4 tasi hukmdor va olim Mirzo Ulug’bekka bag’ishlangan. Alisher Navoiyning original kompozitsiya va uslubga ega bo’lgan «Hiloliya», katta ijtimoiy mazmun tashuvchi «Tuhfat ulafkor» («Sittai zaruriya»dan) Qasidalari mashhurdir. Keyingi davrda o’zbek adabiyotida Munis va boshqalar shoirlar ham bu janrga murojaat qilganlar. Hozirgi o’zbek adabiyotida ham Qasida janrida bir qancha asarlar yaratilgan (G’.G’ulom, H.Olimjon, T. To’la, E.Vohidov, A.Oripov va boshqalar).