Qavs

Qavs (Arabcha — yoy, egilgan narsa) — o’zbek tilida keng qo’llanadigan, ikki elementli (qo’shaloq), asosan, gap o’rtasida va oxirida ishlatiladigan chegaralovchi tinish belgisi. Ochiluvchi va yopiluvchi qismlardan iborat. Dastlab u «Turkiston viloyatining gazeti»da 1873 yildan qo’llangan, keyinchalik boshqa gazeta, jurnal va kitoblarda ham ishlatila boshlagan. Hozirgi yozuvda asosan 2 xil shaklda ishlatiladi: a) odatdagi Qavs () asosiy me’yor hisoblanib, barcha yozuv shakllarida uchraydi; b) o’rta Qavs yoki katta Qavs — [] va {} matematika, geometriya, kimyo va boshqalar fanlarda, shuningdek, Qavs ichida Qavs keladigan holatda uchraydi. Xususan, matematikada bu belgi amallarning bajarilishi tartibini belgilash uchun ishlatiladi. Masalan, (5,2+4,8):0,5 (oldin qavs ichidagi amal bajariladi). Qavsning yopiluvchi (ikkinchi) qismi ba’zan yozma nutqda ketma-ket keluvchi, sanaluvchi fikrlar, ta’riflarni raqamlashda (raqam yoki harf bilan) yakka, mustaqil holda ham qo’llanishi mumkin. Hozirgi o’zbek tilida quyidagilar Qavsga olinadi: a) kiritma konstruktsiyalar (kiritma so’z, kiritma birikma, kiritma gaplar); b) remarkalar; v) tsitata yoki misollarning manbalari; g) tushuntirish, izoh, uqtirish ma’nosidagi so’z, birikma va gaplar, shuningdek, gazeta va jurnallardagi «davomi bor», «boshi 3-betda» kabilar ham Qavsga olinadi; D) tsitatadagi biror so’z yoki jumlaga muallifning turli munosabatini bildiruvchi so’roq, undov belgilari, shuningdek, muallif tomonidan tsitataga kiritilgan gaplar. Qavsga olingan qism asosiy gap (matn) bilan bevosita yoki bilvosita aloqador bo’ladi.