Qabr, go’r

Qabr, go’r — marhumni dafn etish uchun tayyorlangan maxsus joy. Qabr har bir xalqning urf-odati, yashaydigan geografik muhiti, kishilarning tabiiyilmiy tasavvurlari, diniy e’tiqodlariga ko’ra bir-biridan farq qiladi. O’liklarni ko’madigan xalqlarda, jumladan, o’zbeklarda ham Qabrning lahad, kamin, tik chuqur va sag’ana tiplari bor. Aksariyat yer osti suvlari chuqur bo’lgan qurg’oq joylarda lahad qaziladi. Lahad tipidagi Qabr O’zbekistonda bundan 3500 yil ilgarigi jez davri qabristonlarida ham uchraydi. Qabr tayyorlash uchun yerdan bir m3 chamasi tik chuqur — «ayvoncha» qazib, uning bir burchagidan o’lik bo’yi baravar gorizontal kavak — «lahad» kavlanadi, tuprog’i tashqariga olinadi. Ulik qo’yilayotganda go’rkov lahad ichiga tushib, o’likning bosh tomonini qibla (G’arb)ga qaratib yotqizadi. Lahadning teshigiga g’isht, tosh, guvala, chim qalab bekitiladi, so’ngra «ayvoncha» tuproq bilan to’ldiriladi. Ortib qolgan tuproq Qabr ustiga tepa qilib uyiladi. Kamin (yoki kamgoh) tipidagi Qabrda yer bir metrdan ortiq tik va cho’zinchoq o’ra qilib qaziladi. O’ra devori ostki yonidan uchburchak shaklida o’yiladi. O’lik shu kamin (kamgoh)ga qo’yiladi. Kamgoh og’zi g’isht, guvala va boshqalar bilan bekitiladi, so’ngra Qabr tuproq bilan to’ldiriladi. Tik chuqur shaklidagi Qabrda yer o’lik bo’yiga teng qilib kavlanadi, o’lik chuqurga chalqancha yotqiziladi. Qabr og’ziga katta yassi toshlar zichlab teriladi, so’ngra ustiga tuproq tortiladi. Sag’ana, asosan, yer osti suvlari yuza bo’lgan joylarda — Buxoro, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida tarqalgan, sag’anada yer qazilmaydi. O’lik yer yuzasiga qo’yiladi, uning ustiga pishiq g’ishtdan gumbazsimon sag’ana bino qilinadi. Qabrlarga qayta-qayta o’lik qo’yish, ba’zan bir oilaning erkaklarini bir Qabrga (oldin o’lganlarning suyaklarini bir chetga surib, o’rniga yangi o’likni sag’anaga) qo’yish odati bo’lgan. Xotinlar ham shunday tartib bilan qo’yilgan. Ba’zi turkiy xalqlarda, jumladan, o’zbeklarda boy tabaqalar sag’ana qurdirib qo’yish odati bo’lgan.