Qayipbergenov To’lepbergen

Qayipbergenov To’lepbergen (1929.7.5, Qoraqalpog’iston, Kegeyli tumani) — O’zbekiston (1994) va Qoraqalpog’iston xalq yozuvchisi (1974). O’zbekiston Qahramoni (2003). Xo’jayli pedagogika bilim yurtini (1947), Qoraqalpog’iston pedagogika institutining rus tili va adabiyoti fakultetini tugatgan (1955). «Amudaryo» jurnali (1955-57)da, Qoraqalpog’iston Yozuvchilar uyushmasida mas’ul kotib (1957-58). Qoraqalpog’iston teleradiokomitetida katta muharrir, rais o’rinbosari (1958— 59), «jas Leninshi» gazeta bosh muharriri (1959-60), «Qoraqalpog’iston» nashriyoti direktori, «Sovet Qoraqalpog’istoni» gazeta bosh muharriri (1962— 72). Qoraqalpog’iston nashriyot, poligrafiya va kitob savdosi ishlari davlat komiteti boshlig’i (1972 yildan), Qoraqalpog’iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o’rinbosari (1980 yildan). Dastlabki qissasi — «sekretar» (1956). «Rahmat, muallim» (1958), «Sovuq tomchi» (1964), «uyqusiz tunlar» (1965) qissalarining, «so’nggi…»(1960), «Qoraqalpoq qizi» (1 — 2-kitoblar, 1963-65), «Qoraqalpoq dostoni» trilogiyasini tashkil etgan «Mamanbiy afsonasi», «Qoraqalpoqnoma» roman-essesi (1978), «u dunyoga bobomga xatlar» (1982) asarlari chop etilgan. «Qoraqalpoqman — tavakkalchiman» (2003) asari, shuningdek, «Familiya» pyesasi, «Berdaq» («Sahro bulbuli»), «Oydo’st bobo» dramatic asarlari o’zbek, qozoq, rus va qoraqalpoq tillarida sahnalashtirilgan. Asarlari qoraqalpoq xalqining 17— 18-asrlardagi tarixi, Orol fojiasi, mintaqadagi ekologik vaziyat, turkiy tilli xalqlarning o’zaro qardoshligi haqida. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi raisi o’rinbosari (1987-91). 1995 yildan Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati jamg’armasi raisi. Berdaq nomidagi Qoraqalpog’iston Davlat mukofoti (1967), Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti (1971) laureati. As: Mamanbiy afsonasi [Roman], T., 1974; Baxtsizlar [Roman], T., 1976; gumroxlar [Roman], T., 1978. Ad.: Shermuxamedov P., Mir pisatelya, ego knigi, ego narod, Nukus, 1982. Nasriddin Nazarov.