Qazilma hayvonlar

Qazilma hayvonlar — o’tgan geologik davrlarda yashagan hayvonlar qoldiqlari. Qazilma hayvonlar skeletlari turli xil cho’kindi tog’ jinslarida saqlanib qolgan, ba’zan ularning tarkibiga ham kirgan bo’ladi (masalan, chig’anokli ohaktosh). Qazilma organizmlar qoldiqlarini o’rganuvchi fan paleontologiya, Qazilma hayvonlarni o’rganuvchi fan esa paleozoologiya deb ataladi. Metamorflashgan tokembriy yotqiziqlaridagi Qazilma hayvonlar qoldiqlarining ko’rsatishicha, hozirgi vaqtda yashayotgan ko’pgina hayvonlar (qoldiqlari faqatgina quyi ordovikdan ma’lum bo’lgan xordalilardan tashqari) o’sha paytda ham yashagan. Eng sodda (bir hujayrali) hayvonlar qazilma ko’rinishida foraminiferalar, radiolyariylardan iborat. Ularning skeletlari ko’zga ko’rinar-ko’rinmas darajada bo’lib, kembriy yotqiziqlaridan boshlab uchraydi, ba’zan cho’kindi hosilalarning qalin qatlamlarini tashkil qilgan. Tuban ko’p hujayrali hayvonlar — bulutlar (suv jonivorlari) proterozoyda paydo bo’lgan; ularga yaqin bo’lgan arxeosiatlar quyi kembriyda jadal ko’paygan. Mollyuskalar quyi paleozoydan ma’lum bo’lib, ayniqsa, mezozoy va kaynozoyda rivojlangan. Mshankalar va yelka oyoqlilar paleozoy davridan yaxshi ma’lum; yelka oyoqlilarning ko’pchiligi paleozoyda qirg’oqbo’yi dengiz zonasida joylashgan bo’lib, chig’anoqli banka (sayozlik)lar va ohaktoshlarning qalin qatlamini hosil qilgan. Bo’g’imoyoqlilar qadimiy paleozoyda trilobit va evripterid guruhlarini tashkil qilgan; devon davridan boshlab bo’g’imoyoqlilarning boshqa sinflari — hasharotlar, o’rgimchaksimonlar paydo bo’la boshlagan. Ignatanlilarning qoldiqlari quyi paleozoy yotqiziqlarida sodda guruhlar (dengiz pufakchalari, karpoideylar va boshqalar) dan tashkil topgan. Umurtqali hayvonlarning qoldiqlari qazilma ko’rinishida kamroq uchraydi. Eng qadimiylari quyi paleozoyga tegishli umurtqalilarning vakili bo’lgan jag’sizlarga aloqador hozirgi zamon ilonbaliqlaridir; ko’p o’tmay devon yotqiziqlaridagi akulasimon sovutli, ikki xil nafas oluvchi haqiqiy baliqlar paydo bo’lgan; suyakli baliqlar esa mezozoy erasida vujudga kelgan. Yerda yashaydigan to’rt oyokdi hayvonlarning qoldiqlari Grenlandiyadagi devonning eng yuqori gorizontlarida saqlanib qolgan. Toshko’mir va Perm yotqiziqlarida suvdaquruqda yashovchi sodda yopiqboshlilarning qoldiqlari keng tarqalgan, paleozoy oxiri va mezozoy boshlariga kelib ularning ko’pchiligi qirilib bitgan. Mezozoyda, ayniqsa, turli xil sudralib yuruvchilar: timsohlar, toshbaqalar va, ayniqsa, dinozavrlar; juda ko’p sonli ixtiozavrlar, pleziozavrlar; qanotlarining kattaligi 10 santimetrdan 7 metrgacha va undan ham ortiq bo’lgan uchuvchi sudralib yuruvchilar — pterozavrlar ko’p bo’lgan. Ayni vaqtda tishi o’tkir uzun dumli dastlabki qushlar va mayda sodda sut emizuvchilar paydo bo’lgan. Sut Emizuvchilar orasida o’ziga xos hayvonlar — titanoteriyalar, ulkan karkidonlar, mastodonlar, uch panjali otlar, qilich tishli yo’lbarslar va boshqalar bo’lgan; ularning ba’zilari hozirgi hayvonlarning ajdodlari hisoblanadi. Neogen oxirlariga kelib odam paydo bo’lgan. Qazilma hayvonlar qoldiqlarini o’rganish cho’kindi tog’ jinslarining nisbiy yoshini aniqlashda asos bo’lib xizmat qiladi.