Qirg’iziston milliy fanlar akademiyasi
Qirg’iziston milliy fanlar akademiyasi, qirg’iz Respublikasi milliy fanlar akademiyasi — Qirg’izistonning oliy ilmiy muassasasi. 1954 yil 20 dekabrda SSSR faning Qirg’iziston filiali asosida tashkil topgan. Akademiya Prezidiumi Bishkek shahrida joylashgan. 42 haqiqiy (akademik), 58 muxbir a’zosi bor. Fan tarmoq va yo’nalishlari bo’yicha 3 bo’limi (fizika- texnika, matematika va kon-geologiya fanlari; ijtimoiy fanlar; kimyo-texnologiya, tibbiyot-biol. va qishloq xo’jalik fanlari) hamda Janub bo’limi, 23 ilmiy tadqiqot instituti, iqtisodiy, ijtimoiy tadqiqotlar markazlari, Botanika bog’i bor (2005). Akademiya tadqiqotlarining yetakchi yo’nalishlari: axborot-telekommunikatsiya texnologiyalari, elektronika va amaliy matematika muammolari; energetikaning fizika-texnika masalalari; mashinalar nazariyasi va boshqaruv, texnologiya jarayonlari va tizimlarini avtomatlashtirish; tabiatdan oqilona foydalanish va tabiiy suv-energetika resurslari; tog’li rayonlarda tabiiy va tabiiy-texnogen jarayonlarni kompleks tadqiq etish va falokatlarni oldindan aytish; yangi material va kimyoviy texnologiyalar; bioxilma-xillik va ekologiya; tog’ ekologiya tizimi masalalari va tog’ populyatsiyasining barqaror taraqqiyoti; molekulyar biologiya va biotexnologiya; qirg’iz Respublikasining barqaror siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti masalalari; Qirg’iziston milliy fanlar akademiyasi xalqlarining milliy tili, siyosiy va madaniy shakllanishi, etnogenezi. Akademiya «axborot» (1966 yildan) va bir qancha ilmiy jurnallar nashr etadi. Prezidenti – J.J.Jeyenboev (1997 yildan).