Qisqa to’lqinlar

Qisqa to’lqinlar – to’lqin uzunligi 10 metrdan 100 metrgacha (30-3 MGs) diapazonda bo’lgan radioto’lqinlar. Qisqa to’lqinlarning tarqalish tarziga yer atmosferasi kuchli ta’sir qiladi. Qisqa to’lqinlar qisqa (-500 kilometr) masofalarga yer to’lqinlari (Yer sirtiga yaqin bir jinsli atmosferada tarqaluvchi radioto’lqinlar) ko’rinishida, o’ta uzoq masofalarga, xususan, yer shari atrofida ionosfera to’lqin o’tkazgichlar bo’ylab tarqalishi mumkin. Qisqa to’lqinlarning ufq ortida tarqalishi asosan ularning ionosferadan yoki ionosfera va yer sirtidan ko’p marta qaytishi tufayli amalga oshadi. Qisqa to’lqinlarning ionosferadan qaytish chastotasi ularning ionosferaga tushish burchagiga va qaytish sathidagi elektronlar kontsentrasiyasiga bog’liq. Tushish burchagining ma’lum kritik qiymatidan kichik qiymatlarida Qisqa to’lqinlar ionosferadan qaytmaydi va radioaloqada sukunat (jimjitlik) zonasi yuzaga keladi. Ma’lum uzunlikka ega radiotrassa uchun radioaloqada foydalaniladigan maksimal chastota mavjud. Trassaning uzunligiga, sutkaning vaqtiga va Geofizik sharoitlarga qarab, bu chastota amalda Qisqa to’lqinlarning butun diapazoni bo’yicha o’zgarishi mumkin. Qisqa to’lqinlardan radioaloqada, yer va sayyoralar ionosferalarini, Quyosh tojining tashqi qatlamlarini va boshqa radioastronomik ob’yektlarni tadqiq qilishda foydalaniladi.