Qisqichbaqasimonlar

Qisqichbaqasimonlar, qisqichbaqalar— bo’g’imoyoqlilar tipining sinfi. 30000 ga yaqin turi bor. Uzunligi millimetrning bir bo’lagidan 80 santimetr, ba’zi gurlari (masalan, yapon krabi) oyoqlari Yoyilganida tanasining kengligi 3 metrga yetadi. Tanasi bo’g’imlarga bo’lingan, odatda, 3 bo’lim: bosh, ko’krak va qorin farq qilinadi; xitin sovut bilan qoplangan. Bir xil Qisqichbaqasimonlarning yaxlit bosh kapsulasi (sintsefalon) antennulalarga ega bo’lgan bosh o’simtasi va 4 bosh bo’g’imidan iborat. Bosh bo’g’imlarida antennalar, bir juft yuqori jag’, 2 juft pastki jag’ joylashgan. Boshqa Qisqichbaqasimonlarning Akron va antennal bo’g’imdan iborat birlamchi boshi (Protosefalon) jag’bo’g’imlari (gnatosefalon) bilan harakatchan qo’shilgan. Odatda, Qisqichbaqasimonlar ko’kragining bir necha bo’gimlari bosh bilan qo’shilib, boshko’krakni hosil qiladi, ularning o’simtalari esa oziqni maydalovchi va og’izga suruvchi oyoq jag’larga aylanadi. Ko’pchilik Qisqichbaqasimonlar boshining keyingi qismi va ko’krak bo’limi yon va ustki tomondan qalqonsimon, ikki tavaqali yoki yarim tsilindr shaklidagi xitinlashgan sovut bilan qoplangan. Ayrim Qisqichbaqasimonlar (masalan, shoxdor mo’ylovdilar boshi cho’ziq pastga egilgan tumshuq — rost-rumga aylangan. Qisqichbaqasimonlarning turli guruhlarida ko’krak va qorin bo’g’imlari soni va oyoqlarining tuzilishi har xil. Tuban Qisqichbaqasimonlar ko’rkak oyoqlari harakatlanish, nafas olish va oziqni og’izga surish vazifasini bajaradi. Birmuncha yuksak tuzilgan Qisqichbaqasimonlarda bu vazifalarni har xil oyoqlar bajarada. Faqat yuksak Qisqichbaqasimonlar uchun xos bo’lgan qorinoyoqlar nafas olish, urug’lantirish, tuxumlarni olib yurish. ba’zan harakatlanish vazifasini bajaradi. Oxirgi qorinoyoqlar (uropodlar) ko’pincha anal bo’lagi bilan birga dum suzgich — telsonni hosil qiladi. Ko’pchilik Qisqichbaqasimonlar telsonida ayri o’simta bo’ladi. Qisqichbaqasimonlar nerv sistemasi bosh miya va qorin nerv zanjiridan iborat. Ko’rish organi, odatda, fasetkali ko’z; ko’pincha oddiy naupleus ko’z ham saqlanib qoladi. Ba’zi Qisqichbaqasimonlarning ko’zi bo’lmaydi. Oshqozoni chaynovchi, jigari o’rta ichakka ochiladi. Qisqichbaqasimonlar jabra, ba’zi mayda turlari tana yuzasi orqali nafas oladi. Qon aylanish sistemasi ochiq, yuragi orqasida; ba’zan bo’lmaydi. Ayirish organlari — maksillar va antennal bezlar. Qisqichbaqasimonlar tsefalokaridlar, jabraoyoqlilar, chig’anoqlilar, eshkakoyoqlilar, karpxo’rlar, mo’ylovoyoqlilar, o’noyoklilar kenja sinflariga bo’linadi. Asosan, dengizlar, chuchuk suvlarda, ayrim turlari quruqlikda yashaydi yoki parazit hayot kechiradi. Bir hujayrali organizmlar, detrit, organik moddalar, o’simlik va hayvonlar, o’laksalar bilan oziqlanadi. Ko’pchilik Qisqichbaqasimonlar ayrim jinsli, bir qancha turlari partenogenez yo’li bilan ko’payadi. Tuxumlarini ko’pincha urg’ochilari olib yuradi yoki maxsus chiqarish kamerasida rivojlanadi. Qisqichbaqasimonlar metamorfoz orqali rivojlanadi. Tuxumdan chiqqan naupleus lichinkasi rivojlanib metanaupleus davriga o’tadi. Ba’zan lichinkasining dastlabki davrlari tuxum ichida kechadi va tuxumdan keyingi davriga o’tgan lichinka (masalan, krablarda zoea) rivojlanib suvga chiqadi. Qisqichbaqasimonlar ayniqsa, zooplanktonni tashkil etuvchi turlari suv havzalaridagi oziq zanjirining asosini tashkil etadi. Bir qancha Qisqichbaqasimonlar (krevetkalar, krablar, langustlar, omarlar va boshqalar) iste’mol qilinadi va ko’plab ovlanadi. Ad.: Mavlonov O., Xurramov Sh., Umurtqalilar zoologiyasi, T., 1998; Jizn jivotnmx, t. 2., M., 1969. Ochil Mavlonov.