«Qizil qalam»

«Qizil qalam» — adabiy jamiyat. 1926 yil avgustda Samarqandda Shokir Sulaymon raisligida tashkil etilgan. Jamiyat faoliyatida Otajon Hoshim, Botu, Ziyo Said, Sotti Husayn, Oltoy, Anqaboy, shuningdek, Uyg’un, Hamid Olimjon, Mirtemir, Oydin ishtirok etishgan. O’sha yilning oxirida jamiyatning Farg’ona va Namangan viloyat bo’limlari ochilgan. Jamiyatning asosiy maqsadi Fitrat, Cho’lpon, Abdulla Qodiriy singari «keksa» avlod vakillaridan farqli o’laroq, O’zbekistonda barpo etilayotgan yangi tuzumga xayrixoh ijodkor yoshlarni o’z atrofiga to’plash va ularni tarbiyalash bo’lgan. «Qizil qalam» majmuasining 1-kitobi (1928) nashr etilgandan so’ng jamiyatining katta va yosh a’zolari o’rtasida ixtilof paydo bo’lgan. Natijada 1929 yilda jamiyatning boshqaruv organi qayta ko’rilib, Ziyo Said unga rahbar etib tayinlangan va shu vaqtdan e’tiboran «Alanga» jurnali «Qizil qalam» jamiyatining organi sifatida nashr etilgan. Shu yili mazkur majmuaning 2-kitobi ham bosilgan, majmuaning har ikkala kitobida A. Samoylovichning «Navoiy to’g’risida Yevropa olimlari», Cho’lponning tarjima, O. Hoshimning adabiy meros va jadid adabiyoti, Sh. Sulaymonning Hamzaning so’nggi kunlari to’g’risidagi va boshqalar maqolalar chop etilgan. Jamiyat Ozarbayjon va Tataristondagi «Qizil qalam» jamiyatlari hamda VAPP (butun Rossiya proletar yozuvchilari uyushmasi) bilan ijodiy aloqada bo’lgan. 1930 yilda Botu, ramziy (Mannon Romiz) va Oltoyning qamoqqa olinishi bilan jamiyat tarqalib ketgan.