Qizil yassi temiratki

Qizil yassi temiratki — terining surunkali kasalligi; bunda bilak, bilakkaft usti, boldir Panja bo’g’imi sohalariga, kamdan-kam shilliq qavatlarga mayda yaltiroq och pushtiqizg’ish tugunchalar toshadi, ular qattiq qichishadi. Qizil yassi temiratkini (1869 yil) aniqlab, unda uchraydigan birlamchi elementni batafsil ifodalagan. Kasallikning kelib chiqishi to’liq aniqlangan emas, ilmiy adabiyotlarda uning kelib chiqishida turli nazariyalar (virusli yoki infektsion, nevrogen, irsiy, toksik, immunologik) mavjud. Ko’pgina olimlar kasallikning vujudga kelishini nerv sistemasi faoliyatining buzilishiga (hayajonlanish, stress va boshqalar) bog’laydilar, chunki bunda toshmalar nerv tolalari bo’ylab joylashishi kuzatiladi. Kasallikning asosiy belgisi toshmalar toshishi; ular aksariyat qo’l va oyoqning bukiladigan sohalarida yuzaga kelib, so’ng butun badanga tarqaladi. Toshmalar ba’zan jinsiy a’zolarning shilliq qavati, og’iz bo’shlig’i, ko’proq lunjlarda oqimtir tasmalar shaklida uchraydi va bir-biri bilan qo’shilib pilakchalar hosil qiladi. Kasallikning avj olgan davrida, yangi-yangi toshmalar toshadi va ular kattalashib boradi. Keyin kasallik statsionar davrga o’tadi, bunda toshmalar asta-sekin so’rilib, o’rnida to’q jigarrang dog’ qoladi. Kasallik qattiq qichishish bilan kechadi. Qizil yassi temiratkining gipertrofik, atrofik, pufakli, o’tkir uchli, halqasimon va boshqalar xillari farq qilinadi. Qizil yassi temiratki ro’yirost namoyon bo’lganda unga darhol to’g’ri diagnoz qo’yish mumkin. Davosi. Birinchi navbatda, kasallikni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish, infektsiya o’choqlarini sanasiya qilishdan iborat; fizioterapiya, gipnoz bilan davolash, tuzalinqiragan (remissiya) davrida Chimyon, Chortoq va boshqalar sanatoriylarda davolanish yaxshi naf beradi.