Qonun chiqaruvchi hokimiyat

Qonun chiqaruvchi hokimiyat — hokimiyat bo’linishi printsipi va nazariyasiga muvofiq davlatning uch hokimiyat tarmog’idan biri. Qonun chiqaruvchi hokimiyat Konstitutsiya va qonunlarni qabul qilish, ularga tegishli o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish, zarur hollarda ularni belgilangan tartibda bekor qilish vakolatlariga ega bo’ladi. Federativ davlat tuzilishi shakliga ega mamlakatlarda qonun chiqarish vakolati federatsiya sub’yektlariga ham berilishi mumkin. Masalan, AQShda Shtatlar, Rossiyada federatsiya sub’yektlari qonun chiqarish vakolatiga ega. Federatsiya sub’yektlari tomonidan qabul qilingan qonunlar federatsiya Konstitutsiyasi va federal qonunlarga zid kelmasligi kerak. O’zbekistonda Qonun chiqaruvchi hokimiyat yaxlit davlat hokimiyatining mustaqil bir tarmog’i bo’lib, u qonun yaratish jarayonini O’zbekiston Respublikasi parlamenti — Oliy Majlisi faoliyati orqali amalga oshiradi.